Kundalik gazetalarda mamlakat, mintaqa va olamda yuz berayotgan muhim voqea-hodisalar ne chog‘li yoritilayapti? OAV barcha muhim axborotlarni vaqtida o‘z o‘quvchilariga yetkazib berayaptimi, degan savol ko‘ngildan o‘taveradi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 8 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishi tafsilotlariga bag‘ishlangan sharh, “Jahon shaxmat olimpiadasi 2026 yil O‘zbekistonda o‘tkaziladi” sahifasi e’tiborni tortadi. Vatan himoyasi – muqaddas burch, e’tirof, munosabat, sharh, islohotlar samarasi, mulohaza va tajriba samarasi aks etgan maqolalarda islohotlar mevasi, jamiyat va odamlar ongida yuz berayotgan o‘zgarishlar, bugungi kun ruhini ko‘rasiz.
“Xalq so‘zi”da e’lon qilingan Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston temir yo‘llari: mamlakatning hayotbaxsh qon tomirlari” maqolasini ichki g‘urur bilan o‘qiysiz. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rilgan – haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq masalaga bag‘ishlangan sahifa, “Qabul – 2022”, “Sportchilarimiz Konyadagi o‘yinlarda yetakchi o‘rinlarda”, “Avgust oyining muhim tadbirlari – yuqori hosil garovi”, “Ustoz – insonlarga yaxshilikdan ta’lim beruvchi zot” kabi maqolalar orqali jamiyat yangiliklaridan voqif bo‘lasiz. Gazetada O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun ham e’lon qilingan.
“Ishonch”dagi “Muammo bor, ega aniq, yechim-chi?” sahifasi e’tiborli. Anvarjon Halimovning “O‘zimiz o‘tirgan shoxga urilayotgan bolta yoxud daraxtlar dardiga kim darmon bo‘ladi?” maqolasi mashhur ertakdagi “yana o‘sha teshik tog‘ora” naqlini eslatadi. O‘tgan haftada Toshkent shahridagi Chilonzor ko‘chasida yo‘lni kengaytirish maqsadida kamida 7 ta daraxtga shikast yetkazilgan. Umumiy 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi aniqlangan. Buning uchun quruvchi tashkilotga 261 million so‘m jarima belgilandi. Kecha esa Chilonzor tumani hokimi Sh.Mavlonov va tuman prokurori I.Bozorov davlat rahbari topshirig‘i bilan ishdan olindi. Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev va shahar prokurori U.Qosimovga hayfsan berildi. Hisob palatasining quyidagi ma’lumotlari esa, ekologik ahvol ayanchliligidan dalolat beradi: “Ekilmagan 6,2 millionta ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan, 3,4 millionta ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan, 2, 4 millionta ko‘chat suvsizlik va yetarli parvarish bo‘lmagani oqibatida bahor tugamasidan qurib, nobud bo‘lgan”... Ushbu maqola yana bir bor hamma-hammani hushyorlikka chorlaydi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan “O‘zbekiston yoshlari 44-Jahon shaxmat olimpiadasida peshqadam”, “1,5 % milliard so‘mdan ziyod ish haqi undirildi”, “Ko‘hna qit’a” energiya taqchilligini qanday yengib o‘tmoqchi?”, “Sen qayoqqa ketayapsan, zamondosh?” sahifalaridan ko‘ngilni xushnud etuvchi xushxabar, haqiqat tantanasi, shukronalik va ogohlik saboqlari sadosini eshitasiz.
bugungi gazetalarni mutolaa qiling.
A.Narzulloyev, O‘zA