Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:06 / 2022-07-27

Kundalik gazetalarni qo‘lga olib, kunning muhim  axborot – xabar, maqolalaridan boxabar bo‘lish barobarida qalam ahlining zahmatli mehnatini ham his etib turamiz.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida bir qator muhim va dolzarb maqolalar e’lon qilingan. “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavsusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigi, 25-26 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan ushbu konferensiyaga bag‘ishlangan “Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi” sahifasi fikrimizga dalil bo‘la oladi.  “O‘zbekistonning tinchlikparvar sa’y-harakatlari Afg‘oniston kelajagi va afg‘on xalqi farovonligiga hissa bo‘lib qo‘shilmoqda” sahifasida konferensiya yakunlari xususida xalqaro kuzatuvchilar, mutaxassislarning fikr-mulohazalari aks etgan.  Taniqli jurnalist, “Yangi O‘zbekiston” hamda “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorovning “Qat’iy ishonch ruhi bugun har birimizni ulkan maqsadalar sari chorlamoqda” maqolasida bugungikun nafasini his etib turasiz. “Arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari”, “Qapchug‘ay bog‘lari hosilga kirdi”, “Barchasi quyosh nuri asosida”, “Qariyb bir asrlik dorilfunun Markaziy Osiyodagi “Tibbiy ta’lim xabi” ga aylanadi” maqolalari, shuningdek, “Ma’naviy tafakkur xazinasi” sahifasi maroq bilan o‘qiladi.

“Xalq so‘zi” gazetasining bugungi sonida e’lon qilingan “Toshkent muhim muloqot maydoniga aylandi” nomli sahifa, “Istiqlol va yangi O‘zbekiston ramzi” maqolalari e’tiborni tortadi. Gazeta orqali O‘zbekiston Respublikasining “Soliq  va bojxona qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan tanishishingiz mumkin. “Qonun loyihalari deputatlar muhokamasida”, xorijiy va milliy tajriba bilan bog‘liq sahifalar ham e’tibordan chetda qolmaydi.

“Kitob dunyosi”  gazetxonni badiiyat olamiga olib kiradi. Nazar Eshonqulning “O‘pqon”, Dadaxon Nuriyning “Mehmon” hikoyasi, Yo‘ldosh Sulaymon va Habib Sa’dullaning she’rlari, Xurshid Davron tarjimasida taniqli rus shoirasi Anna Axmatovaning dilbar she’rlari, jurnalist Mariya Konyukovskayaning “Boris Pasternakning ilhom parisi” nomli maqolasini mazza qilib o‘qiysiz. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan yana bir qator maqola, suhbat va tarjimalarni o‘qib, ketgan vaqtingizga achinmaysiz...

“Hurriyat”da ham Afg‘oniston bilan bog‘liq konferensiyaga keng urg‘u berilgan. Mushohadaga asoslangan “Ekstensiv va intensiv taraqqiyot: qay biri afzal?”, “Vatandoshimiz oqlandi, lekin...”, “Matbuotning xaridori qayerda?”, “Yasama atamalar”, “Mening hojatbaror tanishim” kabi maqolalar e’tibor bilan o‘qiladi. Qulman Ochilning “Qizil ko‘rpacha” hikoyasi, Komila Hamroyevaning she’rlari yaxshi, iliq taassurot qoldiradi.

“Oʻzbekiston ovozi”da yangi kun ovozini eshitgandek bo‘lasiz. “Issiqko‘ldan iliq taassurot. XXI asrda Markaziy Osiyo qanday rivojlanadi?”, “Davlat Dasturi ijrosidan mutasaddilarning o‘zi qoniqadimi?”, “Markaziy bank  raisi xotirjam”, “37 mingdan ortiq odam ishli bo‘lgani rostmi?..” kabi maqolalarni shunchaki mutolaa qila olmaysiz. Adabiyotshunos Bahodir Karimning shoir Eshqobil Shukur ijodiga bag‘ishlangan “Yurakning ichida o‘tiribman jim” maqolasi maroq bilan o‘qiladi.

“Maʼrifat”ning bugungi sonida e’lon qilingan “O‘zbek tili fani “keraksiz fanlar” qatorida!” maqolasi sarlavhasiga ko‘zingiz tushiboq, “nahot-ki?...” degan o‘y ko‘ngildan o‘tadi. “Xalqning savodi uchun hushtak qachon chalinadi?”, “Darslik o‘quvchini yaratuvchilikka undaydi”, “Savodsizlik yosh, joy va ma’lumot tanlamay qo‘ydi!”, “Trend so‘zining o‘zbekchasi yo‘qmi?” kabi maqolalarda savod va savodxonlik, maktab hayoti, ogohliq qo‘ng‘irog‘i, ta’lim tizimining o‘rni, imkoniyatlari xususida fikr yuritiladi.

“Yoshlar ovozi” gazetasida e’lon qilingan “Qonunlar buzish uchun yoziladimi?”, “Kitobingiz bormi? Kitob beramiz”, “O‘qishga kirsangiz nima bo‘ladi?”, “Halakaga kalaka” kabi maqolalar zamirida yoshlar qalbiga yo‘l, vatanga muhabbat tuyg‘ulari mujassam. 

bugungi gazetalarni o‘qing...

                                                                              A.Narzulloyev, O‘zA