Kundalik gazetalarni varaqlab, axborotlarning rang-barangligi, muxbirlarning tezkorligini his etib turamiz...
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonidan o‘rin olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilinishini tugatish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilinishini tugatish to‘g‘risida”gi Farmonini tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lponota shahriga tashrifi bilan bog‘liq xabar gazetxon e’tiborida bo‘ladi. “Ilm-fan va biznes o‘rtasidagi “oltin ko‘prik”, “Hokim va yoshlar muloqoti”, “Mahallabay tajribasi”, “Bojxona, soliq, bandlik va mehnat munosabatlari” kabi maqolalarda bugungi kun qiyofasi aks etgan. Davr nafasi ruknida berilgan “Shaharchaga aylangan qishloq” hamda “Haqiqatning jamoli yoxud mutolaa ehtiyoji” sahifalarida jamiyat va inson tafakkurida yuz berayotgan yangilanishlar xususida so‘z boradi.
“Xalq so‘zi” orqali ham O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilinishini tugatish to‘g‘risida”gi Farmoni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning ushbu Farmonni tasdiqlash haqidagi qo‘shma qarori hamda davlat rahbarining Qirg‘iz Respublikasiga qilgan safari bilan bog‘liq xabar bilan tanishasiz. Shuningdek, O‘zbekiston – Finlyandiya: ta’limdagi hamkorlik va ilg‘or tajribalar sabog‘i”, “Integratsiya g‘oyasi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi faol hamda ochiq muloqot ulkan savdo-iqtisodiy va madaniy-sivilizatsiyaviy salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun beqiyos ikoniyatlar yaratadi”, “Jahon Konstitutsiyalarida nogironligi bo‘lganlarga doir qanday qoidalar aks etgan?” kabi maqolalar muhim va dolzarbligi bilan e’tiborda bo‘ladi.
“XXI ASR”da bir qator muhim materiallar e’lon qilingan. “Tomorqachilar ham faollashyapti”, “Ayolni e’zozlasak, e’zoz topamiz” kabi maqolalar bunga misol. O‘quvchini o‘yga toldiradigan, mulohazali materiallar ham yetarli. “Qabr sotib olmay... azobli uqubat sotib oldim”, “Rus tili xorijiymi yoki mahalliy? Noaniq maqom magistraturaga kiruvchilarni sarson qilmoqda”, “Avtobus meniki, xohlasam...” kabi maqolalarni o‘qib, sizda ham savollar paydo bo‘lishi, shubhasiz. Eshqobil Shukurning “Suv keltirgan azizmi, yo ko‘za sindirgan?” maqolasida aks etgan hayot haqiqatlari ko‘nglingizdan joy oladi...
“Jamiyat”ning bugungi soni rang-barang. “Tanazzul” va “Marosimlar mojarosi” maqolalari mantiqan bir-birini to‘ldirib turadi – har ikki maqola ma’rifatsizlik balosi komiga tortayotgan qadriyatlar zavoli haqida. Faxriy jurnalist To‘lqin Muhiddinning “Toshkent shahar hokimiyati: loqayd muassislar ro‘yxatida birinchi” nomli maqolasi ham e’tiborli. “Xaridorga aylangan dallol”, “Sifat yo‘q joyda pul “gapiradi”, “Tanqid tarozisi” kabi maqolalar zamirida ham “qaydasan, adolat, haqiqat?...” degan ovozni eshitib turasiz.
“Milliy tiklanishs”da “5 ming fuqaro imzo chekkan xat”, “Qaror muhokama qilinmasin. Prezident 2,5 milliondan ziyod xonadon egalarini qiynayotgan og‘riqli masala yechimini ko‘rsatib berdi”, “Sirdaryoda ishonch qozonish mavsumiy tadbir emas!”, “Yashnoboddan chiqqan “Napoleon”chilar kim? maqolalari muhim, samimiy va beg‘arazligi bilan e’tiborli.
“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Hamma o‘zgarishi, ish uslubini ham o‘zgartirishi kerak”, “Aholiga qo‘shimcha maishiy gaz balonlari yetkazilmoqda”, “Plyonka ostida chigit ekishning afzalligi nimada?”, 900 gektar yer quyosh batareyalari orqali tomchilatib sug‘orilmoqda” kabi maqolalarda yurtimiz qishloqlaridagi asl hayotni ko‘rasiz...
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA