Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
10:24 / 2022-06-10

Kundalik gazetalarni qo‘lga olganimizda, “Matbuot – hayot ko‘zgusi”(mi?) degan o‘y xayolda charx uraveradi...

“Yangi O‘zbekiston” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bilan telefon orqali muloqoti hamda “Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. “Kun mavzusi” ruknida e’lon qilingan “Oziq-avqat ta’minoti va narx-navo barqarorligi doimiy e’tiborda” nomli maqola mazmun-mohiyati va ahamiyati nuqtai nazardan aktual. Oziq-ovqat xavfsizligi siyosati har bir davlatning mustaqilligi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligi garovi hisoblandi. Maqola orqali yurtimizda bu borada olib borilayotgan ezgu ishlar bilan tanishasiz. Mumtoz musiqa, hamkorlik samaralari, konstitutsiyaviy tamoyil, munosib tuhfa, yoshlar bandligi va ziyorat turizmi kabi maqolalar yurtimizning bugungi hayotini o‘zida aks etib turadi. 

“Xalq so‘zi”da kunning muhim yangiliklari, bir qator muhim maqolalar ham e’lon qilingan. Jumladan, “Senat a’zolari Qoraqalpog‘istonda”, “Ochiq, shaffof va tezkor axborot maydoni”, “Parkentda “Zarkent” sanatoriysi foydalanishga topshirildi” maqolalari orqali yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga guvoh bo‘lasiz. “Mumtoz musiqamiz fidoyisiga ehtirom” maqolasida atoqli bastakor Abduhoshim Ismoilov va uning benazir san’ati haqida so‘z boradi. Shuningdek, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan ham tanishasiz.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida e’lon qilingan Shoqahhor Salimovning “Biz nafaqat qo‘shnimiz...” maqolasi o‘zbek va tojik xalqlarining azaliy do‘stligiga bag‘ishlanadi. Ozarbayjonlik Hidoyat Hudush, Ilhom Ahror va Jahongir Sharofboyevlarning ko‘ngil – qalbga xitob qilguvchi she’rlari, Ma’mura Zohidovaning “Erkaklar gapi” hikoyasini mazza qilib o‘qiysiz. Zuhriddin Isomiddinovning “Bobur izidan yurgan olimlar”, Faxriyorning “Oriyat odamlari. Yozuvchi Nazar Eshonqul ijodiga bir nazar”, Hamidjon Hamidiyning “Ustozlar qalami yerda qolmaydi” nomli adabiy maqolalar, “Qichqiriq ortidagi iqror” essesida ko‘ngil suv ichadigan, ruh quvvat oladigan tuyg‘ular jamuljamligini his etasiz.

Adolat”ning bugungi sonida e’lon qilingan “Qonunlarni mukammallashtirish davr talabi”, “Qaror loyihasi xalq manfaatiga xizmat qiladimi?” maqolalari e’tiborli. “Pochchani tunagan qayni”, “Haq joyida qaror topdi”, “Yurtimizning ulug‘ kuychisi edi” maqolalarida jinoyatga jazoning muqarrarligi, inson qadri va insonga ehtiromni ko‘rasiz. “San’atkoring umr yo‘ldoshi sabrli bo‘lishi kerak” nomli sahifada taniqli xonanda, marhum Oxunjon Madaliyevning umr yo‘ldoshi Habibaxon Madaliyevning fikr-o‘ylari, xotiralari bilan tanishasiz.

“Vatanparvar”da e’lon qilingan “Muhimi jangovar ruhiyat” maqolasidagi ichki g‘urur ko‘nglingizga ko‘chib o‘tadi. “Chuqur tahlil yutuqlarga eltadi”, “Zamonaviy imkoniyatlar”, “Beparvolik – umr zavoli”, “G‘alvir suvdan ko‘tariladigan palla” va “General bo‘lolmagan shoir” kabi maqolalar zamirida hayotga, Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat bor.

bugungi gazetalarni o‘qing...

                                                                                      A.Narzulloyev, O‘zA