Dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar keskin tus olayotgan palla aholining ommaviy axborot vositalari, xolis axborot olishga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortadi. Axborot makoni keng, ammo kundalik gazetalar o‘rnini bosadigan, ishonchli manbalarga suyanib xabar uzatadigan vositalar kam. Shu bois, kundalik gazetalar eng yaqin hamrohimiz.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasini o‘qib turib, yuqorida bildirilgan fikrlar qanchalar rostligiga yana bir bor amin bo‘lasiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birato‘la to‘rtta – “O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”, “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan tanishasiz. “Erkinlashayotgan g‘alla bozori mo‘l hosil, barqarorlik va farovonlik kafolati” sahifasi g‘allachilik bozoridagi yangiliklar va uning ertasi haqida. Dunyoda global ocharchilik, g‘alla taqchilligi xavf solib turgan bir palla soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari, xulosalari sizni befarq qoldirmaydi. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan berilgan “Kelajak tayanchin ardoqlagan yurt taraqqiyot va farovonlikka tezroq erishadi” sahifasida O‘zbekistonda bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va mehr aks etgan. Yana bir qator katta-kichik maqolalarda kecha va bugungi kun xolis, beg‘araz tahlil qilinganiga guvoh bo‘lasiz.
“Xalq so‘zi” gazetasi mintaqa va O‘zbekistonda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga keng o‘rin bergan. “Tojikistonlik ekspertlar: “Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining tashabbuskori va me’moridir” sahifasi, ayniqsa, e’tiborli. Gazetadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bitta farmon va uchta qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risidagi axborot ham joy olgan. Boshqa maqola, xabar – axborotlarda ham tezkor zamon ruhi aks etib turgani va islohotlar o‘z samarasini berayotganini dil-dildan his etib turasiz.
“Ishonch”ning bugungi sonida e’lon qilingan “Yangilanayotgan Jizzax jurnalistlar nigohida” sahifasi Jizzaxda o‘tgan xalqaro media-tur tafsilotlariga bag‘ishlanadi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan “Ko‘chatchini kim o‘ylaydi?”, “Oyliksiz 6 oy” nomli maqolalar qanchalik achchiq bo‘lmasin, mazmun-mohiyati bilan bugungi kun, turmushda uchrab turadigan muammolar haqida. “Autsoring xizmati o‘zini oqlayaptimi?”, “Tutayotgan umrlar”, “Tibbiyotga sport targ‘ibortchisi kerak emas(mi?) sahifalarida ham insoniy tashvish, og‘riq va dard bor.
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA