Kundalik gazetalarni qo‘lga olganda matbuot, OAV o‘z o‘quvchilari ishonchini oqlayaptimi, degan o‘y ko‘ngildan o‘taveradi...
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida davlat rahbarining “Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori hamda 27 aprel kuni qishloq xo‘jaligida loyihalarni amalga oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar sharhi bilan tanishasiz. Qalblarni hayratga solgan mahorat va mahobat chizgilarini qayta tiklashda qanday xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda? Bu jabhada ajdodlarimiz tajribasidan o‘z o‘rnida foydalanayapmizmi?.. – “Ma’naviy va ma’rifiy qudratimiz timsoli” maqolasida ana shu masalalar haqida so‘z boradi. Shuningdek, buyuk o‘zbek yo‘li, obod manzillar, yoshlar bandligi, ilm-fan va integratsiyaga oid maqolalar ham muhim va dolzarbligi bilan e’tiborni tortadi.
“Xalq so‘zi”da bugun va erta bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi oldidan qator materiallar e’lon qilingan. “O‘zbekistonda ilm-fan rivoji nimalarga bog‘liq” sahifasida asosli tahlil va zarur takliflar o‘rtaga tashlangan. “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” maqolasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasi, bebaho merosini o‘rganish va targ‘ib qilish haqida so‘z boradi. Kichik tadbirkorlar uchun imtiyoz, Litvada O‘zbekiston ma’rifiy markazi ochilishi, Shanxay hamkorlik tashkilotiga oid bir qator maqolalar ham o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
“Ishonch” o‘z o‘quvchilariga jiddiy va qiziqarli maqolalarni taklif etadi. “28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” sahifasi, ayniqsa, e’tiborni tortadi. Bir necha katta-kichik materiallarni o‘zida jamlagan ushbu sahifada mehnat va uning muhofazasi masalalari keng yoritilgan. “Boy berilayotgan imkoniyat yoxud oromgohlar qachon orom maskaniga aylanadi?” maqolasi shu kunning dolzarb masalalaridan. Hademay maktablarda ta’til davri boshlanadi va oromgohlar eshigi ochiladi. Ammo bu maskanlarda ahvol qanday, degan savol ham bor. “Ishonch”ning so‘nggi sonlarida bu haqda tinmay bong urayotgani soha mutasaddilariga ogohlik qo‘ng‘irog‘idir. Shuningdek, “Bozorda nima gap?”, “Maktab direktori qanday inson bo‘lishi kerak?” kabi maqolalarda ko‘tarilgan savollar muhimligi bilan e’tiborni tortadi.
“Jamiyat” – ixchamgina, ammo tosh bosadigan maqolalarga boy. Nurulloh Dostonning «Otam bergan kitoblar» maqolasi maroq bilan o‘qiladi. Unda kitob, uning inson hayotida tutadigan o‘rni haqida samimiy hikoya qilinadi. “Dabdala, hasham, isrof yoxud uquvsiz xarajatlar xususida” sahifasi mazmun-mohiyati bilan kitob haqidagi maqolaning mantiqiy davomi. Uni mutolaa qilib yana bir bor najot – kitob o‘qishda, ta’limda ekaniga ishonch hosil qilasiz. “Manzil yaqin, dillar mushtarak” va “LIKE” qurbonlari” maqolalarida inson ongidagi bir-biriga zid ikki xil qarash aks etgani va uning jamiyat uchun nechog‘lik foydali yoki ziyonligini ko‘rasiz.
“XXI asr”da bir qator muhim maqolalar e’lon qilingan. Gazeta bosh muharriri, taniqli jurnalist Norqobil Jalilning «Biz rasmiyatchilik uchun ishlamaymiz!» maqolasida OʻzLiDePning bugungi faoliyati samimiy, beg‘araz ochib berilgan. “O‘z kelajagimga o‘zim investor”, “Tashqi qarz oshayotganidan xavotirlanmang”, OIx. uz dagi OLG‘IR 24 nafar e’lon beruvchini 300 millionga qanday “uxlatdi” kabi maqolalarni o‘qiyotganda “XXI asr”chilarga rahmat aytasiz...
“Qishloq hayoti”ini varaqlab, yurtimiz qishloqlari, undagi asl hayotni ko‘rasiz. Davlat rahbarining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tanishasiz. “Samarqandlik olimlar bug‘doyning yangi, serhosil navini yaratdi”, paxta sanoati va yashillik kushandasi – zararli chigirtkalarga qarshi kurashishva suv bilan bog‘liq maqolalar o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi...
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA