Kundalik gazetalarni varaqlab, axborotlarning rang-barangligi, muxbirlarning tezkorligini his etib turamiz.
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonidan o‘rin olgan “Soliq yukini kamaytirish va sohani raqamlashtirish vazifalari belgilandi” sharhida soliq siyosati, uning istiqboli aks etgan. O‘zbekiston va Qozoqiston davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari haqidagi xabar, muqobil energetika, rangi oq lekin “qora” bo‘lib kelgan paxtamiz, xalq diplomatiyasi, davr nafasi ruhida berilgan maqolalar o‘quvchiga iliq taassurotlar uyg‘otadi. Shodmonqul Salomning O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovga bag‘ishlangan “Oltin zina” essesini maroq bilan o‘qiysiz.
“Xalq so‘zi”da e’lon qilingan “Xalqimiz tibbiy xizmatdan rozi bo‘lyaptimi?” maqolasida sog‘liqni saqlash tizimi va uning bugungi kuni aks etgan. Ekologiya, atrof-muhit, hisob palatasi, qonun loyihalari, davlat byudjeti, inson qadri bilan bog‘liq qator lavha, sharh va maqolalar ham muhimligi bilan e’tibordan chetda qolmaydi.
“XXI ASR”da O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Norqobil Jalilning “Bu ham bizga bayram emasmi?!” nomli maqolasi e’lon qilingan. Unda o‘zbek paxtasi uzoq yillik taqiqdan xalos bo‘lgani, bundan buyog‘iga o‘zboshimchalik bilan majburiy mehnatga jalb etishga urinish jinoyat ekanligiga urg‘u berilgan. “Hisob palatasi ogohlantiradi: qonunni buzdingizmi, jazo muqarrar!”, “Forishda shunday yoshlar bor”, “Konsertga gul, yo‘g‘-ye, o‘qlov bilan boring!” kabi maqolalar ham rang-barangligi va ko‘tarilgan masalalarining muhimligi bilan e’tiborni tortadi.
“Ishonch”ning bugungi soni rang-barang. “Kun nafasi” ruknida berilgan muhim xabar – axborotlar, “Vatanparvar yoshlar tanlovi”ga bag‘ishlangan sahifa, ayniqsa, e’tiborni tortadi. “Aravaning quruq ovozi yoxud tanqidiy maqolalarga ayrim rasmiy munosabatlar haqida mulohazalar”, “KOTTA BOLLAR” minadigan mashina”, “Yorliqda nima ko‘rsatilgan? Yoxud mahsulot sifatiga faqat sotuvchi mas’ulmi?” kabi maqolalarda turmushning muammo – qusurlari, ularga yechim va mas’uliyat haqida so‘z boradi.
“Jamiyat”ning bugungi sonidan Navro‘zi olam nafasi ufurib turadi. O‘zJOKU talabasi Otabek Abdumalikovning “Insoniyat quyoshi” adabiy maqolasini o‘qib, yoshlarimiz Hazrat Navoiy olami tadqiqiga chuqurroq kirishayotganiga guvoh bo‘lasiz. “Teatr nayrangxonami yoki ibratxona?”, “Sanksiya atrofidagi muhokamalar: xavotirlar o‘rinli(mi?) maqolalarida bugungi kun manzaralarini ko‘rasiz. Taniqli shoir Eshqobil Shukurning “Puldan yasalmaydigan Vatan” maqolasida millat qayg‘usida ezilayotgan dil og‘riqlari aks etgan. Unda shunday satrlar bor: “Men o‘g‘lim yo nabiramning qo‘lida hamisha kitob ko‘rishni istayman. Chunki ularga kitob yo‘ldosh bo‘lsa, egoist bo‘lmaydi, tafakkurga yaqin yuradi, tuyg‘ulari tarbiya topadi deb umid qilaman. Ba’zan o‘ylab qolaman. Ertak va afsonalarimiz, xalq qo‘shiqlarimiz, “Alpomish” dostonimiz bo‘lmaganida, holimiz nima kechardi?”... Bu og‘riqlar sizning ham qalbingizga ko‘chadi, aks-sado beradi. “Odamlar sizdan xafami?”, “Mahalliy deputatlar qachon uyg‘onasiz?” kabi maqolalarda jamiyat muammolari aks etgan. Ustoz shoir O‘tkir Rahmatning dilkash she’rlari ko‘nglingizga bahoriy iliqlik olib kiradi.
“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Amudaryoda issiqxonachilik rivojlanmoqda”, “So‘x tumanining Jovpoya massiviga suv chiqarilib, na’matak ekiladi”, “Yaxshi bo‘lsa urug‘chilik, barakali bo‘lar dehqonchilik”, “Yerlarning sho‘rini yuvish uchun qanday pololgichlar kerak?” nomli maqolalarda uyg‘onayotgan yer – bahor nafasi va dehqon tashvishlarini ko‘rasiz.
bugungi gazetalarni o‘qing...
A.Narzulloyev, O‘zA