Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
15:01 / 2022-02-25

Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy, gumanitar ahvol tez sur’atlarda o‘zgarayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Axborot, xabarlar oqimida bu narsalar qanchalik o‘z aksini topayapti, degan o‘y ham ko‘nglimizning bir chetida g‘imirlab turaveradi.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasini varaqlab, unda jamiyatdagi o‘zgarishlar o‘ziga xos tarzda aks etib borayotganini ko‘ramiz. “Inson qadri tamoyili asosida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha katta marralar belgilandi” sharhi davlat rahbarining mamlakat shimoliga qilgan safari tafsilotlariga bag‘ishlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi munosabati bilan O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid boshchiligida bir guruh ijodkorlarning joylarda  adabiyot muxlislari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari, bugunidan rozi insonlar, kadrlar siyosatini takomillashtirish, ilm-fan, xususiylashtirish, jamiyat muammolari yechimiga qaratilgan qator maqola, xabar va lavhalarda bugungi hayotimiz manzaralari aks etayotganiga guvoh bo‘lamiz.

 “Xalq so‘zi”da ham davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan safari natijalari keng yoritilgan. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi BMT Bosh assambleyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilngani va tashkilotning 6 ta rasmiy tilida tarqatilgani haqidagi sharh, UNWTO Bosh direktori Zurab Pololikashvilining “O‘zbekiston – bizning asosiy sherigimiz” nomli dil izhorlari,  ekoturizm, xo‘jako‘rsinlikdan kimga naf, unitilgan “g‘allaquduq”, mutolaa madaniyati bilan bog‘liq bir qancha xabar, lavha, maqolalar muhim va qiziqarliligi bilan e’tiborni o‘ziga tortadi.

 “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”gazetasi bugun sizga yaxshi hamroh bo‘la oladi.“O‘zbekka qarindosh qoraqalpog‘im” sahifasi orqali bir guruh ijodkorlarning qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan uchrashuvi tafsilotlaridan voqif bo‘lasiz. Nazm sahifasidan o‘rin olgan she’rlarda yurt, vatan tuyg‘usi ustunlik qiladi. Nargiza Asadovaning “Mardanning mushti” hikoyasi maroq bilan o‘qiladi. O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning shoira Sharifa Salimova ijodiga bag‘ishlangan “Yer muzalari”, Nasimxon Rahmonning “Sukut sadosining jarangi” kabiadabiy maqolalar,  taniqli shoir Salim Ashurning O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bilan qilgan suhbatini mazza qilib o‘qish mumkin.

 “Adolat”gazetasining bugungi sonida gazetxonlar ko‘ngil sadolarini eshitasiz. “Halollik vaksinasi – taraqqiyot garovi” maqolasiga alohida  e’tibor qaratasiz. “Jahon ahliga andin mujdai ravon keldi”, “Yonimizdagi odam” kabi maqolalar ko‘ngilga yaqinligi uchun bir nafasda o‘qiladi. Yo‘l harakati bilan bog‘liq takliflar,  raqamlashtirish – shaffoflik, ochiqlik degani,  xalq manfaati bilan bog‘liq bir qator maqolalar  sizni befarq qoldirmaydi. Tarix yaratgan shaxslarga bag‘ishlangan “Germaniyadan qaytgach otilgan yoxud qatag‘on qurboni Hayriniso Majidxonova haqida”gi maqolani ko‘ngilda g‘ussa bilan mutolaa qilasiz.

 “Vatanparvar” gazetasi sahifalaridan o‘rin olgan aksariyat maqolalarda vatanparvarlik g‘oyasi ustunlik qiladi. “Terroristik g‘oyalar tarqalishining oldini olish”, “Bir yigitga qirq hunar oz”, “Inson nomiga dog‘ tushirmang!” kabi maqolalar zamirida vatanga muhabbat tuyg‘usini ko‘rasiz. “Harbiylarimiz ko‘zida shaxtu shijoatni ko‘rdim...”, “Vatanni muhabbat bilan qo‘riqlash kerak” nomli maqola, suhbat ruhida beg‘arazlik, vatanni ona kabi sevishni, yurtga muhabbat bor...

Gazetalarni o‘qing, bugungi kun havosidan nafas oling...

A.Narzulloyev, O‘zA