Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
12:27 / 2022-01-20

Kundalik gazetalarni varaqlab, axborotlarning rang-barangligi, muxbirlarning tezkorligini his etib turamiz...

 “Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonidan o‘rin olgan “Kim yurtidan yovni quvsa, mendurman o‘shal...” maqolasini o‘qib, ko‘nglingiz jimirlab, g‘ururga to‘lganini his qilasiz. “Hokim yordamchilari: mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va islohotlarning asosiy ijrochisi”, “Vaksina mavjud immunitetning davomiyligini oshiradi”, “Uchinchi renessans: yuksak taraqqiyotga undovchi g‘oya... uni amalga oshiruvchi avlod qanday fazilatlarga ega bo‘lmog‘i zarur?”  maqolalari ham bugungi kun haqida o‘quvchiga ma’lum bir tasavvurlar bera oladi. Shuningdek, gazeta orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ham tanishasiz.

 “Xalq so‘zi”da  e’lon qilingan bir qator maqolalar o‘quvchi diqqatini o‘ziga tortadi. Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan taqdimot, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qilgani haqidagi axborotlar shular jumlasidan. “Kambag‘allikni qisqartirish barobarida, uning oldini olish bo‘yicha ham ishlashimiz kerak”, “Taraqqiyot strategiyasi – xalqchil davlat xizmati” maqolalarida yurtimizning yangilanib borayotgan qiyofasini ko‘ramiz.

 “XXI ASR” da ham ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrayotgan maqolalar bir  talay. “OVQATLANISH JOYLARI(da)qachon  tartib o‘rnatiladi yoki xizmat ko‘rsatish madaniyati, gigiyena, narx-navoni kim belgilaydi?” maqolasi bunga bir misol. “Xorazmda chiroq o‘chmaydigan kunlar yaqin”, “Menkim Sulton Jaloliddin...”, “Boqimondalik... uni kasbga aylantirib olganlar qayerdan paydo bo‘lyapti?” kabi maqolalar ham rang-barangligi va ko‘tarilgan masalalarining muhim, dolzarbligi bilan gazetxon e’tiborida bo‘ladi.

 “Ishonch”ning bugungi soni albatta o‘qish kerak. Taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurning “Vatanga ma’rifat bolalari kerak yoxud qimorbozlik vasvasasining og‘ir oqibatlari haqida” maqolasini ichki bir og‘riq bilan mutolaa qilasiz. “Chorvoq”qa qanday boriladi? “Chimyon”ga-chi?”, “Sarsenov endi sarson bo‘lmaydi”, “Yuragi butun avlod”, “YTH “pandemiya”si kabi maqolalar ham zo‘r qiziqish bilan o‘qiladi.

  “Jamiyat”ning bugungi sonida berilgan bir qator maqolalarni e’tibor bilan o‘qiysiz. “Oqqinam, oppoqqinam”, “Ustomonlik qachongacha?”, “Uyingizning hujjati bormi?”, “Oila kimning gardanida?!” kabi maqolalarda bugungi jamiyatning og‘riqlari, dardlarini ko‘rasiz...

 “Maʼrifat” – Xalq ziyolilari gazetasi. Shundaymi? Albatta. Faqat, ziyolilar bu gazetani ko‘proq o‘qishi, unda ko‘tarilayotgan masalalar muhokamasida faol ishtirok etishi lozimdek. Bugun Respublikamizda 10 mingdan ziyod maktablar bor, ammo, gazetaning adadi bor-yo‘g‘i – 3333 ta. Bu, albatta kishini o‘yga soladi.  Shunga qaramay, “ma’rifat”chilar gazeta adadini ko‘paytirish yo‘llarini izlashmoqda. “Diqqat, tez kunlarda!!! “Ma’rifat” gazetasida ATTESTASIYA – 2022 savollari berib boriladi!!!”, “Shoshiling, gazetaga obuna davom etmoqda!” kabi sahifalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. “Tarix” fani o‘gay fanga aylanmoqda”, “Matematikani kim o‘qitishi kerak?”, “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi: muammolar, islohotlar va natijalar” kabi sahifalarda bugungi maktab hayoti, uning yutuq va og‘riqli  muammolari haqida so‘z yuritiladi. Boshqa bir qator xabar, lavha, maqolalar ham o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Limon yetishtiruvchilarga subsidiya beriladi” nomli maqola nafaqat limon yetishtiruvchilarni, balki iste’molchilarni ham birdek quvontiradi. “Qorako‘lchilikni barqaror rivojlantirish qanday natijalar beradi?” nomli maqola ham o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. 

    bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling...

                                                                                         A.Narzulloyev, O‘zA