Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda…
11:34 / 2021-11-26

Matbuot, ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, uni mutolaa qila turib, bugun odamlar nima tashvish bilan yashayotgani, dunyoni nimalar bezovta qilayotganini sezib, his etib turasiz. Kundalik gazetalar ana shu jihatlarga kengroq e’tibor qaratayotgani bilan e’tiborni tortadi.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yevropa Ittifoqining Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan telefon orqali muloqotiga alohida e’tibor qaratilgan. 

“Iqtisodiy islohotlarimizni xorij ekspertlari munosib e’tirof etmoqda” nomli maqola, farg‘onalik mirishkorlarning dunyo bozoriga dadil kirib borayotgani haqidagi “Dunyo bozori sari tashlangan qadam” sahifasi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning hazrat Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlangan “Maoniy mulkining sohibqironi” maqolalari ham o‘quvchini befarq qoldirmaydi.

“Xalq so‘zi” gazetasi sahifalari odatdagidek, qiziqarli, bugungi kunning muhim masalalari aks etgan maqolalarga boy. Davlat rahbarining Yevropa iqtisodi delegatsiyasini qabul qilgani, O‘zbekiston va Pokiston yetakchilarining o‘zaro hamkorlik yuzasidan do‘stona suhbatlari, davlat byudjeti va senat hayotiga oid xabar, lavhalar shular jumlasidan. “Tutash tomirlar”, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 90 yilligiga bag‘ishlangan sahifa ham rang-barang va qiziqarli.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda o‘ziga xos o‘rni bor. Gazetaning bugungi sonini o‘qib, yana bir bor ko‘ngildan kechgan bu fikrlarga ishonch hosil qilasiz. “Ul zamonning bir tarixidir” “Majolis un-nafois”da madaniy muhit tasviri maqolasi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning hazrat Navoiyning “Xolu xating xayolidin, ey sarvi gul’uzor” g‘azaliga muxammasi Hazrat Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlanadi. 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinovning gazetaning o‘tgan sonida e’lon qilingan “Tarjima va til” maqolasining davomini maroq bilan o‘qishingiz mumkin. “Nazm” sahifasi orqali shoirlar Orif To‘xtash va Shuhrat Oriflarning yangi she’rlaridan bahramand bo‘lasiz. Abdurazzoq Obro‘yning atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam bilan “Nega o‘zbekning yakshanbasi yo‘q?” nomli suhbati, “Ermitaj saroyining yerto‘lasida o‘qilgan g‘azal” sahifalarini ham o‘quvchi qiziqish va e’tibor bilan o‘qiydi.

“Vatanparvar” – tom ma’noda Vatanga muhabbat tuyg‘usini targ‘ib qiluvchi gazeta. “Do‘stona va ko‘tarinki ruhda” nomli qo‘shsahifaning o‘zi fikrimizga dalil bo‘la oladi. “Buxoro qushbegisi arxivi tarixi”, “Jinoyatga jazo muqarrar”, “Bu g‘amdan tog‘ning ham bukilgay qaddi” maqolalari va gazetaning bugungi sonidan o‘rin olgan boshqa maqola, xabar, reportajlar ham rang-barangligi va qiziqarliligi bilan diqqatga sazovor.

bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling...

A.Narzulloyev, O‘zA