Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: Gazetalarni varaqlaganda…
14:45 / 2021-11-25

Kundalik gazetalar bilan tanishib borar ekanmiz, bir o‘y ko‘ngildan o‘taveradi: matbuot, OAV o‘z o‘quvchilari ishonchini oqlayaptimi?.. Gazetalarda jamiyat muammolari, odamlar dardi qay darajada yoritilayapti?..

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi muxbiri Bashorat Yunusovaning “ Vatan, har qarich go‘shang obodlikka yuz tutgay” maqolasi Prezident tashrifidan so‘ng yangi qiyofa kasb etayotgan manzillar haqida hikoya qiladi. “Keytering – maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishning zamonaviy usuli”, “Yangi O‘zbekiston ta’limi: xalqaro hamkorlik – muvaffaqiyatlar omili” kabi maqolalar mazmun-mohiyati bilan islohotlar samarasini o‘zida aks ettiradi. Yozuvchi va jurnalist Hakim Sattoriyning milliy davlatchiligimiz tarixi bilan bog‘liq “Nodir nizomnoma yoxud davlatning bosh qonunida belgilab qo‘yiladigan me’yorlar namunasi” maqolasi ham gazetxonga yaxshi taassurot qoldiradi.

“Xalq so‘zi” yurtimizdagi ijtimoiy – siyosiy jarayonlarga keng e’tibor qaratgan. Davlat rahbarining BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali bilan muloqoti, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi haqidagi sharh gazetadan o‘rin olgan. Prezidentning “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ham o‘quvchi gazeta orqali tanishishi mumkin.

“Ishonch” har doimgidek o‘z o‘quvchilariga qiziqarli maqolalar bilan yuzlanadi. Kasaba uyushmalari aralashgach, “bir insonning taqdirini hal qilgan” buyruqning sud tomonidan bekor qilinishi haqidagi maqola o‘quvchiga iliq taassurot qoldiradi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan bir qator maqolalar, jumladan, “Kichik qishloqdagi katta hasratlar”, “Puchga chiqqan hiyla”, “Vobkent minorasi xavf ostida” kabi maqolalar ham “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” bo‘lib yangraydi. “Uch kitob – solnoma”, “U faqat to‘p tepmayapti...” maqolalari ham samimiyat bilan yozilgan va shunday o‘qiladi.

“XXI asr”ning bugungi sonida o‘quvchi e’tiborini tortadigan, mulohaza yuritishga chorlaydigan maqolalar anchagina. Gazetaning birinchi sahifasidan o‘rin olgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Xaitovning “Yer xususiylashayotganda: noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi!” nomli munosabati har qanday o‘quvchini qiziqtiradi. “Qanday ko‘chat unmaydi?”, “Archa bobo”ning vasiyati” kabi maqolalar bugun ko‘chat ekish jarayonlari avj olgan palla ko‘pchilik e’tiborida bo‘ladi. “Oiladan tashqarida baxt bormi?”, “Rulda yana ayollarmi?” “Da’vo nega rad etildi? maqolalari ma’lum bir muammolar yechimiga urg‘u bergani bilan o‘quvchini ham bu haqda o‘ylashga chorlaydi.

bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling...

 

A.Narzulloyev, O‘zA