Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
16:53 / 2021-10-23

Matbuot, ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri – uni mutolaa qila turib, bugun odamlar nima tashvish bilan yashayotgani, dunyoni nimalar bezovta qilayotgani sezib, his etib turasiz.

      “Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida e’lon qilingan “Innovatsion texnopark: ta’lim, fan va ishlab chiqarish – bir maskanda” maqolasida hududlarda tashkil etilayotgan biznes inkubator, akselerator va kovorking o‘quv kurslari, IT markazlar va shu sohaga qiziqqan, g‘oyasini amaliyotga tadbiq etish istagidagi minglab yoshlarga ochilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritiladi. “Bobotog‘” yanada chiroy ochadi” maqolasi purviqor tog‘lar bag‘ridagi Bobotog‘ haqida, uning buguni va ertasi haqida ma’lumot beradi. “Men chindan ham baxtliman”, Ichki ishlar xodimlari kuni munosabati bilan tayyorlangan sahifalarni ham gazetxon qiziqib o‘qiydi.

      “Xalq so‘zi”da berilgan “Imkoniyatlarimiz chegaralar osha kengayib bormoqda” nomli maqola e’tiborni tortadi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan forumdagi ishtiroki, manfaatli hamkorliklar haqida so‘z boradi. Adiba Umirova tayyorlagan “Ayol g‘ururi – qilich, qalqoni hayodir” sahifasini ham gazetxon qiziqish bilan o‘qiydi. “O‘zbekiston za’faron yetishtirish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlatlardan biriga aylanadi” maqolasi o‘zgarayotgan yurtimiz haqidakim, o‘quvchi nazaridan chetda qolmaydi.

 “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda alohida o‘rni bor. Gazetaning bugungi sonini o‘qib, yana bir bor ko‘ngildan kechgan bu fikrlarga ishonch hosil qilasiz. Davlat Rahbarining xalqimizga O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi, Adiblar xiyobonida bo‘lib o‘tgan tadbirga bag‘ishlangan “Milliy o‘zligimiz timsoli” maqolasi o‘quvchi e’tiborida bo‘ladi. Shoir O‘tkir Rahmatning she’rlari, Qo‘chqor Norqobilning  ixchamgina hikoyasini  o‘quvchi  qiziqish bilan o‘qiydi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan boshqa ma’rifiy maqolalar ham ko‘ngilga yaqin, mutolaa qilsangiz, afsuslanmaysiz.

      “Ishonch” gazetasining bugungi soni rang-barang. Gazetadagi rasmlar va matnlar uyg‘unligi, joylashuvi e’tiborni tortadi. “Yo‘llaringiz ravon bo‘lsin!” fotosahifasiga boqib, o‘zgarayotgan O‘zbekistonni ko‘rayotgandek bo‘lasiz, ko‘nglingiz yorishadi. Gazetadan o‘rin olgan “Kun nafasi” sahifasi, “O‘zbek tilining global lisoniy manzaralari” “Tanlov ixtiyoriy, ammo...”, “Nemis qizi Liza” kabi  maqolalarni ham o‘quvchi zo‘r qiziqish bilan o‘qiydi.

       “Mahalla”ning bugungi sonidan o‘rin olgan aksariyat maqolalar jiddiyligi va qamrovining kengligi bilan e’tiborni tortadi. “Mahalla hokimiyatdan mustaqil organmi?”, “Mantiqsiz mantiq: hokimlar qachongacha o‘z ustidan o‘zi nazorat olib boradi?”, “Saylov bahona go‘sht narxi arzonlaydimi?”, “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilsa, 10 ming nafarga yaqin xodim ishsiz qoladi...(mi?), “Oliy ta’lim uchun sifat muhimmi yoki son?” kabi maqolalar zamirida bugungi kunnning muammolari, dardlari yotadi. “Mahalla” o‘z o‘quvchisini mushoda, mulozaga chorlaydi...

 “Vatanparvar” – tom ma’noda  Vatanga muhabbat tuyg‘usini targ‘ib qiluvchi gazeta. Bir qaraganda, ha, – bir tarmoq gazetasi-da, deyishingiz mumkin. Ammo, shoshilmay, gazetani varaqlab, unda yoritilgan masalalar, ko‘tarilgan muammolarni ko‘rsangiz, bu sizning ham gazetangiz ekanligini his eta boshlaysiz.  O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan sahifa, Mirtemir domlaning “Ona tilim” she’ri e’tiborni tortadi. “Poyonsiz poligon”, ”Vatan taqdiriga daxldorlik”, “O‘zbek qo‘mondonlarining jasorati” kabi maqolalarda o‘zbekona g‘urur va Vatanga muhabbat haqida  so‘z yuritiladi. “Vatanparvar”ning bugungi sonidan o‘rin olgan boshqa maqola, xabar va reportajlar ham  rang-barangligi va qiziqarliligi bilan diqqatga sazovor.

      bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling...

                                                                                      A.Narzulloyev, O‘zA