French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
11:41 / 2021-09-14

Kundalik gazetalarni ko‘zdan kechira turib, ko‘ngildan “bugungi matbuot o‘z vazifasini to‘liq bajarayaptimi, umid bilan  gazetani qo‘lga olayotgan o‘quvchining hafsalasi pir bo‘lib qolmayaptimi?..” – degan o‘ylar kechadi. Bu – tabiiy hol, albatta. Matbuot zamon bilan hamnafas bo‘lishi, jurnalist – muxbir, fotomuxbirlarning voqea-hodisalarning eng qaynoq nuqtalarida bo‘lishlarini hayotning o‘zi taqozo etadi.

 “Yangi O‘zbekiston” yangiliklarni yoritishda faol. “O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmas tus olgan” deb nomlangan maqolada Buyuk Britaniyaning yetakchi biznes gazetasi “Financial Times” 30 yil ichida birinchi marta mamlakatimizga oid maxsus hisobotni taqdim etgani, yurtimizdagi o‘zgarishlar e’tirof etilayotgani haqida so‘z yuritiladi. Gazetadan o‘rin olgan “Yangi O‘zbekistonning gender siyosati yorug‘ istiqbol sari tashlangan dadil qadam”, “Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik”, “Kelajak oldidagi mas’uliyat” kabi maqolalar ham o‘quvchi ruhiga o‘ziga xos ta’sir eta oladi. “Sharqdan ko‘tarilib borayotgan quyosh yog‘dusi, “Do‘mbiramni qayta oldim qo‘limga” maqolalarida yurtimizda yuz berayotgan ma’rifiy hayot yangiliklari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, gazeta sahifalarida Yangi O‘zbekiston islohotlari tahliliga oid maqolalarga ham keng joy ajratilgan.

“Xalq so‘zi” gazetasi ijodkorlari ham yurtimizda yuz berayotgan yangilanish, o‘zgarishlarga keng e’tibor qaratgan. “Muzaffar sportchilarimiz elu yurtimiz ardog‘ida” maqolasi kecha “Kazan 2021” musobaqalaridan yorug‘ yuz bilan yurtimizga qaytgan sportchilarimizning tantanali kutib olish jarayonlariga bag‘ishlanadi. Shuningdek, gazeta sahifalaridan o‘rin olgan Davlatimiz Rahbarining bugungi kun tibbiyoti oldida turgan muhim masala – “Transplantatsiyani rivojlantirish choralari” yuzasidan bo‘lib o‘tgan tadbir tafsilotlari, “Prezidentlikka nomzodlar. Ularga qo‘yiladigan talablar qanday?”, “Tinchlik narxi qancha?” kabi maqolalar gazetxonni mushohada yuritishga chorlaydi.

“Ishonch” kunning muhim yangiliklari, jiddiy mavzularni yoritib kelayotgani bilan e’tiborda bo‘layotgan gazetalardan. Sahifalari rang-barang, mazmundor. “Dunyo tamadduni chorrahasidagi forum” maqolasi beshinchi bor yurtimizda o‘tkazilayotgan forumning ilk kuni haqida. “Ishonch” muxbiri Muhabbat To‘raboyevaning“Ma’naviyatimizga tutilayotgan oyna yoki “qozilik” blogerlar vakolatiga kiradimi?” maqolasi ijtimoiy tarmoqlarda yuz berayotgan “palapartishliklar” haqidakim, o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan – “Majburiy emas, ammo...”, “Qoshiqdagi xavf”, “Mavsum qanday o‘tdi?” kabi maqolalar ham gazeta muxlislari ko‘nglidan joy olishi shubhasiz. Akademik Akmal Saidovning “Uchinchi Renessans saboqlari yoxud “Temur tuzuklari” o‘quv qo‘llanmasi haqida ayrim mulohazalar” maqolasi yosh avlod tarbiyasiga mo‘ljallab yozilgan “Temur tuzuklari” o‘quv qo‘llanmasi haqidakim, o‘z mazmun-mohiyati bilan bugungi kunimiz ta’lim tizimining muhim jihatlari haqida so‘z yuritiladi.

“Inson va qonun” gazetasining bugungi soni kishini mulohazaga chorlaydigan maqola, xabarlarga boy. Gazetaning birinchi sahifasidan joy olgan “Kesma!!!” maqolasining o‘zi fikrimizga dalil. Maqola, eng og‘riqli masala – inson va tabiat, insonning tabiatga munosabati haqida. Shoir Qo‘chqor Norqobilning ajoyib she’ri daraxt kesuvchilarga “To‘xta!” deya yana bir bor bong uradi. Zora, ayrim kaltabin “bolta ko‘tarib yurganlar” insofga kelsa, degan andishada she’rni to‘laligicha bermoqni lozim ko‘rdik.

Osmondagi yulduzdan hatto

Belorusning daraxtlari ko‘p.

Hech zot qo‘lga olmaydi bolta

Kesilmaydi bunda bitta cho‘p.

 

Sinchiklab boq, xaritasida

Yashil dunyo sollanar bedor.

Shaharlarning qoq o‘rtasida

Tig‘ tegmagan o‘rmonbog‘lar bor.

 

Brest yo‘li... Tosh qotdim bir dam

Ilojim yo‘q... Qanday qaramay?

Nahot unga shuncha o‘rmon kam – 

Ekayapti kimdir qarag‘ay...

 

Yo‘l chetida turardim karaxt,

Quchgim keldi aziz insonni!

U bilardi har bitta daraxt

Suyab turar bugun osmonni...

 

O‘yga botdim...Qalb og‘riq oldi – 

Nahot yerdan oyoqni uzdik.

Kesma! To‘rt-besh daraxting qoldi 

Osmon yaqin qolmoqda, o‘zbek...

bugungi gazetalarni mutolaa qiling. Unda o‘tayotgan kunimizning ovozini, nafasini his etasiz. 

                                                                                               

A.Narzulloyev, O‘zA