Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: Gazetalarni sahifalaganda…
14:14 / 2021-08-06

Koronavirusning to‘rtinchi to‘lqini dunyoga xavf solib turgan bir paytda yangicha sharoitda yashash, mehnat qilish, kelajakka qarab intilish odamzot oldida turgan muhim vazifalardan biriga aylandi.

Kundalik gazetalar bilan tanishib borar ekanmiz, bu jihat ko‘zga yaqqol tashlanib borayotganiga guvoh bo‘lamiz.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi siyosiy va muhim hujjatlar izohiga keng o‘rin bergan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Turkmanistonga safari, Davlat rahbarining “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”, “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari gazeta sahifalaridan o‘rin olgan. Gazetadan o‘rin olgan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori, professor H.Oqilovning “Vaksinatsiya – yagona chora!” nomli maqolasi o‘quvchilar uchun juda qiziq va gazetxonlarga yaxshi taassurot qoldira oladi, deb umid qilamiz. “ Saylash va saylanish huquqi – daxlsiz”, Milliy axborot makonini himoya qilish – barchamizning burchimiz” maqolalari va Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan “Sanobar Rahmonova: “Xalqim oldidagi qarzimni har on his qilaman” sahifalari bugungi kun suvrati aks etgan muhim maqolalar sirasiga kiradi.

“Xalq so‘zi” gazetasi odatdagidek, qiziqaqarli, bugungi kunning muhim masalalari aks etgan maqolalarga boy. “Sirdaryo viloyati: Mo‘’jizaga qiyoslanayotgan islohotlar” sahifasi Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan Sirdaryoda yuz berayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlanadi. “Mintaqadagi strategik sheriklik o‘zaro ishonchga asoslanmoqda”, “O‘zbekiston – Eron: parlamentlararo aloqalar istiqbollari”, “Gulning xaridori ham, daromadi ham ko‘p” maqolalari bugun yurtimiz va mintaqada yuz berayotgan voqealar tahliliga bag‘ishlanadi.

“Jamiyat” gazetasi rang-barang maqolalarga boy. “Burchga sadoqat bo‘lmasa, qonunlar kor qilmaydi” maqolasi korrupsiyaga, bu illatning qachon, qanday barham topishi mumkinligi tahliliga bag‘ishlanadi. Professor Naim Normatovning “Yangi O‘zbekiston me’mori” kitobi, ushbu kitob haqidagi muxtasar ma’lumot – munosabat ham gazetxon uchun qiziq. Shuningdek, gazetadan o‘rin olgan “Chegara bilmas muammoning “chegarasi” qayerda”, “Virusning “jahlini chiqargan” o‘zimiz”, “Bolalar otalarga bo‘ysunmay qo‘ydimi?” kabi maqolalar ham “Jamiyat” muxlislarini bahsga chorlaydi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi adabiyot olamida yuz berayotgan yangiliklarga keng o‘rin bergan. Atoqli adibimiz O‘tkir Hoshimovning 80 yilligiga bag‘ishlangan “O‘tkir Hoshimov asarlari turk tilida chop etildi” nomli O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabari adib muxlislarini xursand qiladi. Gazetaning birinchi sahifasidan o‘rin olgan “Agar qiyshiq bo‘lsa poydevor”, Farmon Toshevning “Men bilgan Shuhrat domla” maqolalari gazetxonni befarq qoldirmaydi. Rustam Emin, Aqshagul Tulegenovalarning she’rlari, Xolmo‘min Yodgorovning “Ayriliqning oltinchi kuni” hikoyasi, Karimboy Quramboyevning “Turkman shoirlarining ham ustozi”, Mansur Zoirovning Ro‘zi Choriyevning 90 yilligi oldidan “Mangulikda yashayotgan ranglar” maqolalari adabiyot va san’at muxlislari e’tiborini o‘ziga tortadi.

“Adolat” gazetasidagi “Partiya muhim siyosiy jarayonga qadam qo‘ymoqda”, “Ochiq va adolatli saylov eshik qoqmoqda” kabi maqolalarda xalqimiz oldida turgan Prezidentlik saylovi, unga “Adolat” partiyasi tutgan yo‘l xususida ma’lumotlar beriladi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan “SESlarda tibbiy xizmat ahvoli qoniqarlimi?”, “Qayoqqa qarab ketayapsan, dunyo?”, “Maqsad – qulaylik yaratishmi yoxud qiyinchilik tug‘dirish” maqolalarida buguni kun muammolari, jamiyatning og‘riqli nuqtalari haqida so‘z yuritiladi.

“Vatanparvar” gazetasi bir qaraganda kishiga qamrovi chegaralangan, yo‘nalishi bitta nuqtaga qaratilgan gazetadek taassurot qoldirsada, gazetani kuzata turib, uning rang-barangligiga, vatanparvarlikka chorlovchi g‘oyalarga uyg‘un turli mavzularga ham keng o‘rin berganiga guvoh bo‘lasiz. “Milliy armiyadagi muhit meni xursand qiladi”, “Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda”, “Tajriba va mahorat o‘z so‘zini aytganda”, “Murakkab, og‘ir yillar edi” maqolalari, gazeta muxbiri Inobat Ibrohimovaning atoqli yozuvchi Nurali Qobul bilan “Men hammani sevaman...” suhbati o‘quvchilarni xushnud etadi. “XXXII yozgi olimpiada o‘yinlari”, “Vatan taqdiriga daxldorlik hissi”, “Ezgu maqsad yo‘lida”, Anvar Obidjonning “Erkin Vohidov mutoyibalari” maqolalari ham o‘quvchini o‘ziga jalb etadi.

Kundalik gazetalarni varaqlab, o‘qib turib bir to‘xtamga kelaveramiz. matbuot, bu – jamiyat ko‘zgusi...

A.Narzulloyev, O‘zA