Qatar maydonlarida davom etayotgan U17 yosh toifasidagi Jahon chempionatining 4 ta guruhida 3-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Mundialning “Ye” guruhida Venesuela 4:2 hisobida Gaitini taslim etdi va ochkolarini 7 taga yetkazib, guruhni peshqadam sifatida yakunladi. Angliya terma jamoasi esa Misrni 3:0 hisobida taslim etdi va 6 ochko bilan ikkinchi o‘ringa joylashdi. Misr 4 ochko bilan uchinchi, Gaiti esa ochkosiz 4-o‘rindan joy oldi.

“F” guruhida bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya va Kot-d'Ivuar bahsi 3:1, Shveysariya hamda Meksika to‘qnashuvi ham 3:1 hisobida yakunlandi. Qayd etilgan natijalardan so‘ng Shveysariya va Janubiy Koreya 7 ochko bilan navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Meksika esa 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolgan bo‘lsa, Kot-d'Ivuar bu galgi jahon chempionatini ochkosiz yakunladi.

“G” guruhidagi so‘nggi tur ham gollarga boy bo‘ldi. Jumladan, Germaniya termasi Salvador darvozasiga javobsiz 7 ta to‘p kiritgan bo‘lsa, Kolumbiya 2:0 hisobida KXDR terma jamoasini taslim etdi. Shu tariqa Germaniya va Kolumbiya terma jamoalari bir xil - 5 ochko to‘plagan holda pley-offga yo‘l oldi. KXDR esa 4 ochko bilan 3-o‘rinni band etdi. Salvador esa bir ochko bilan musobaqa bilan xayrlashdi.

“N” guruhi peshqadamlari Braziliya va Zambiya 3-turda 1:1 hisobidagi durang qayd etdi va 7 ochko jamg‘arib, keyingi bosqichga chiqdi. Indoneziya esa 2:1 hisobida Gondurasni yengdi hamda 3 ochko to‘plab, uchinchi pog‘onani egalladi. O‘tgan uchta o‘yinda mag‘lub bo‘lgan Gonduras ochkosiz oxirgi o‘rinda qoldi.

Bugun, 11 noyabr kuni Jahon chempionatining 3-tur bahslari yakunlanadi. Biz uchun ahamiyatlisi terma jamoamiz mundialning “J” guruhida Panama o‘smirlar termasiga qarshi maydonga tushadi. Ikkinchi bahsda esa Irlandiya — Paragvay terma jamoalari to‘qnashadi. Har ikkala o‘yin mamakatimiz vaqti bilan 18:30 da boshlanadi.

Ayni damda mazkur guruhda, Irlandiya 6 ochko bilan birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, futbolchilarimiz 3 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rindan joy olgan. Paragvay hisobida ham 3 ochko bor va ular 3-pog‘onada qolmoqda. Panama o‘tgan ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lgani bois birorta ham ochko yo‘q.
Umid qilamizki, iqtidorli futbolchilarimiz bugungi muhim o‘yinda zafar quchgan holda pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Quyida bugun bo‘lib o‘tadigan boshqa uchrashuvlar bilan tanishasiz:
“K” guruhi: Uganda — Fransiya, Chili — Kanada;
“I” guruhi: Chexiya — AQSH, Burkina-Faso — Tojikiston;
“L” guruhi: Saudiya Arabistoni — Mali, Yangi Zelandiya — Avstriya.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA