Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun futbolchi qizlarimizning chorak finaldagi raqibi aniq bo‘ladi
09:48 / 2026-03-10

Avstraliyada davom etayotgan ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogida bugun, 10-mart kuni “S” guruhida 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Hindiston — Xitoy Taypeyi hamda Yaponiya — Vetnam terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi.

Mazkur bahslar oldidan guruhdagi vaziyatga nazar tashlasak. Ayni paytda Yaponiya 6 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Xitoy Taypeyi va Vetnam terma jamoalari esa 3 ochkodan to‘plagan holda to‘plar nisbatiga ko‘ra 2–3-o‘rinlarni egallab turibdi. Hindiston esa ochkosiz so‘nggi o‘rindan joy olgan.

Osiyo kubogining “A” va “B” guruhlarida 3-tur uchrashuvlari yakunlangach, dastlabki chorak final ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, “A” guruhida Janubiy Koreya va Avstraliya 7 ochkodan jamg‘arib, 1–2-o‘rinlarni egalladi. Filippin 3 ochko bilan uchinchi bo‘ldi. Eron esa ochkosiz qolib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

“B” guruhida esa O‘zbekiston terma jamoasi 3 ochko to‘pladi. Guruhda Xitoy 9 ochko bilan birinchi, KXDR 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Bangladesh barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.

Turnir reglamentiga ko‘ra, uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar reytingida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ochko bilan Vetnamdan keyin ikkinchi o‘rinni band etdi. Filippin terma jamoasi ham 3 ochko to‘plagan bo‘lsa-da, to‘plar farqi evaziga vakillarimiz ularni ortda qoldirib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.

Ma’lumot uchun, musobaqaning chorak final bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi 14-mart kuni “A” guruhi g‘olibi Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushishi mumkin. Shuningdek, “S” guruhida Yaponiya birinchi o‘rinni saqlab qolsa, jamoamiz 15-mart kuni aynan shu terma jamoaga qarshi bahs olib borishi ehtimoli ham yuqori.

Qayd etish joiz, chorak final bahslari katta ahamiyatga ega. Chunki Osiyo kubogida kuchli olti jamoa 2027-yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Agar O‘zbekiston terma jamoasi chorak finalda g‘alaba qozonsa, mundial yo‘llanmasini naqd qiladi. Mabodo mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ham imkoniyat saqlanib qoladi. Bunda chorak finalda yutqazgan jamoalar 19-mart kuni Gold-Kost shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘tish o‘yinlarida ishtirok etib, qolgan yo‘llanmalar uchun kurashni davom ettiradi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA