English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun futbol: O‘zbekiston va Kuvayt terma jamoalarining o‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar
09:41 / 2025-10-09

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida 9 oktyabr kuni Toshkentda Kuvayt, 13 oktyabrda esa Malayziyada Urugvay terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Bugun poytaxtimizdagi "Olimpiya" stadionida soat 18:00 da tashkil etilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston - Kuvayt uchrashuvi oldidan jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.

Terma jamoalar shu kunga qadar 6 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Anqiroq aytadigan bo‘lsak, ushbu o‘tgan o‘yinlarning 3 tasi o‘rtoqlik o‘yini bo‘lsa, 2 tasi Jahon chempionati saralashiga to‘g‘ri keladi. Bir marotaba Osiyo kubogi doirasida raqobatlashgan. O‘tgan bahslarda terma jamoamiz 3 ta g‘alaba, 1 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan. 

O‘zbekiston va Kuvayt terma jamoalari ilk marotaba 1998 yilda o‘rtoqlik o‘yinida ro‘baro‘ kelgan. So‘nggi uchrashuv esa 2012 yili o‘tkazilgan. O‘sha yili jamoalar ikki o‘rtoqlik o‘yinida bahs olib borgan. Dastlab, yanvar oyida Kuvayt o‘z maydonida 1:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, sentyabr oyida poytaxtimizdagi o‘yinda futbolchilarimiz 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Ayni damda O‘zbekiston terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan holda mundialga tayyorlanayotgan bo‘lsa, Kuvayt terma jamoasi Osiyo qit’asida o‘tkazilgan uchinchi saralash bosqichida “B” guruhida 5 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qolib ketgan.

Shu tariqa, O‘zbekiston va Kuvayt termalari o‘rtasidagi o‘yinlarda futbolchilarimiz ustunlik qilmoqda. Umid qilamizki, o‘rtoqlik maqomida o‘tadigan bugungi uchrashuvda ham terma jamoamiz muvaffaqiyatga erishadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA