Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun ekilgan nihollar ulkan daraxt bo‘ladi
18:11 / 2023-10-19

“Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida Farg‘ona viloyatida 40 turdagi 6 million 502 ming dona manzarali va mevali daraxtlar, buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekish belgilangan.

Xalqimiz azaldan ona tabiatga mehrli, bir parcha bo‘sh yer ko‘rdimi, albatta bu joyni obod qilishga, nihol qadashga intiladi. Yaratish, yashnatish ishqida tinim bilmaydi. Binobarin, yurtimizda ezgu an’anaga aylanib borayotgan, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tobora qanot yozayotgan “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishga hissa qo‘shish har bir yurtdoshimiz uchun sharafdir.  

Ayni kunlarda viloyat bo‘ylab kuzgi daraxt ekish ishlari avj pallaga kirdi. Xususan, barcha oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarida “Yashil makon” loyihasi doirasida minglab manzarali va mevali ko‘chatlar ekilib, ularning bexato unib-o‘sishi ta’minlanmoqda. Farg‘ona tumani 2-son kasb-hunar maktabida o‘tkazilgan ko‘rgazmali tadbir ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. Viloyatdagi professional ta’lim muassasalari mutasaddilari qatnashgan tadbirda loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish, ko‘chat va nihollarni saralash, hududlarni belgilash va ko‘chatlar parvarishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, fikr-mulohazalar tinglandi.  

Viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yunusov ta’lim muassasasi jamoasi bilan birgalikda manzarali daraxtlar va gul ko‘chatlari ekishni boshlab berdi.  

– Kuzgi ko‘chat ekish tadbirlarida viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida 100 ming tupdan ortiq manzarali, mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari, qalamchalar ekilishi belgilab olindi, – deydi boshqarma bosh mutaxassisi Nodirbek Po‘latov. –Turli manzarali va igna bargli ko‘chatlarni sxematik ekish ishlari faol olib borilmoqda. Galdagi vazifa esa ana shu ko‘chatlarni parvarishlab voyaga yetkazish va o‘quvchilarda ona tabiatni sevishga, mehnat tarbiyasiga qiziqish uyg‘otishdan iborat. Bu yilgi mavsumda asosiy e’tibor ekilayotgan nihollarning bexato o‘sishi, ekilayotgan joy va tuproq unumdorligi, sug‘orish tizimi kabi jihatlarga qaratilayotgani ham bejiz emas.  

– Xalqimiz azaldan yaxshi niyat bilan ko‘chat ekkan, kelgusi avlodlar uchun meros qoldirishga harakat qilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan bu loyiha zamirida ana shunday milliy an’analarimiz mujassam. Shu bilan birga, bu tadbir nafaqat korxona-muassasalarni obodonlashtirishga, balki yoshlarning tabiatga bo‘lgan muhabbatini oshirishga, atrof-muhitni asrab-avaylash va e’zozlash tuyg‘ularini shakllantirishga ham xizmat qiladi, – deydi Farg‘ona tumani 2-son kasb-hunar maktabi o‘qituvchisi Maftunaxon Hamroboyeva. – Jamoamiz a’zolari mamnuniyat bilan loyihada qatnashmoqda. Biz ekkan nihollar kun kelib katta daraxt bo‘lishini tasavvur qilib, qalbimiz faxr-iftixorga to‘lmoqda. Loyiha doirasida “Men ekkan daraxt”, “Ta’lim maskanimizni boqqa aylantiramiz” kabi aksiyalar ham tashkil etilmoqda.  

M.Sulaymonov,  

O‘zA