French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun dunyoda taraqqiyotni turli davlatlar bilan faol savdo-sotiqsiz tasavvur etib boʻlmaydi
14:11 / 2020-05-05

Xuddi shu vodiyda yaxshi dumba yogʻi qoʻy goʻshtining oʻzidan qimmatroq yuradi, chunki bu yogʻ charvidan farqli oʻlaroq, xolesterin degan narsadan xolidir...


Abdulla Qahhor bundan qariyb toʻqson yillar avval – oʻtgan asrning 30-yillari boshida yozgan “Sarob” romanida Yoqubjon ismli qahramoni tilidan quyidagi mazmundagi bir gapni aytgan edi: ajnabiy puldorlar anoyi emas, ular charvi berib, evaziga dumba olib ketadi...

Vodiy tomonlarda koʻzi toʻq, halol qassoblar, aytganingiz goʻshtni oʻlchar ekan, lahmni pallaga qoʻygach, pichogʻining kesmaydigan tomoni bilan bir-ikki urib uning vaznini chamalaydi-da, sizdan bir gap soʻrab qoʻyishni kanda qilmaydi: “Aka, qolganiga suyak qoʻyaymi yo charvimi?..”

Bu degani – charvi (hayvonning ichaklari, qorin, oshqozoni atrofini oʻragan yogʻ) bilan suyakning bahosi deyarli bir xil degani boʻladi.

Xuddi shu vodiyda yaxshi dumba yogʻi qoʻy goʻshtining oʻzidan qimmatroq yuradi, chunki bu yogʻ charvidan farqli oʻlaroq, xolesterin degan narsadan xolidir...

Xoʻsh, gapimizni bunday daromad bilan boshlashimizdan maqsad ne?

Hamma koʻrib-bilib turibdiki, bugungi dunyoda – uzoqdir-yaqindir, boydir yoki bundayroq – turli davlatlar bilan faol savdo-sotiqsiz, tovar ayirboshlashsiz, qarz va investitsiyalar olish hamda berishsiz hayotni, taraqqiyotni bir kun ham tasavvur etib boʻlmay qoldi. Dunyoning oxiri koʻrinmaydigan yoʻllaridan oqib kelayotgan yuk mashinalarida, havo va suv laynerlarida tashilayotgan jamiki tovarlar mana shu aloqalarning, oʻzaro kelishuv va bitimlarning amaldagi natijasi, samarasidir. Bu kelishuvlar esa bizning bugungi tilimizda eng koʻp ishlatiladigan soʻz – shartnoma bilan rasmiylashtiriladi, majburiy, yuridik kuchga ega hujjatga aylanadi.

Toʻgʻrisi, bu soha – xalqaro bitim va shartnomalar bilan ishlash sohasi bizning davlatimiz, uning idora va tashkilotlari uchun nisbatan yangi, hali koʻpdan-koʻp qirralari toʻla kashf etib oʻrganilmagan, koʻnikib ulgurilmagan sohadir. (Shoʻro davridagi Oʻzbekiston SSRga xorijiy mamlakatlar bilan nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, moliyaviy aloqalar qilish, ular bilan mustaqil shartnomaviy kelishuvlarga kirishish imkoniyati berilmagan edi.) Bozor munosabatlariga bizdan yuz yillar oldinroq oʻtib, uning qonun-qoidalarini obdon oʻzlashtirgan, kerak boʻlsa, oʻsha qonun-qoidalarni oʻzlari yozib-bitgan davlatlar esa shartnoma atalmish shu hujjatlar yordamida milliardlab mablagʻni yo u yoqli yo bu yoqli qilishning hadisini olishgan. Kelishuv miqdori, ahamiyatining katta-kichikligiga qarab farqlanadigan, oʻn-oʻn besh betdan yuzlarcha betgacha hajmda boʻladigan bu shartnomalarni dabdurustdan tushunish, ichiga kirish, maqsad-muddaosi, nishabini anglash uncha-muncha odamning qoʻlidan keladigan ish emasligi ham bor gap. Inchinun, mazkur hujjatlar aksariyat ajnabiy tilda, koʻproq esa, butun dunyoni deyarli egallab boʻlgan ingliz tilida tuziladiki, uning nozikliklari (oʻsha tillarda aytadigan boʻlsak – nyuanslari!)ni chuqur anglash ham hammaga choʻt emas. Masalaning yana bir jihati – oʻsha ajnabiy tillarni ancha-muncha biladigan kishi ham shartnoma tuzilayotgan soha sirlarini anglamasa, eng muhimi esa, iqtisodiy hamda huquqiy bilimga ega boʻlmasa, ularga yaqinlashmagani durust.

Xoʻsh, yechim nimada? Oʻzbekiston hukumati, markaziy va mahalliy davlat boshqaruv organlari, vazirlik va idoralar, ishlab chiqarish va boshqa ming turli korxonalar, tadbirkorlik subyektlari xorijliklar bilan ana shunday shartnomalar tuzishar ekan, ularning aldanib qolmasligi, bir soʻm olib, oʻn soʻm qaytarishga majbur boʻlmasligining eng muhim omillari nimalardan iborat?

Bizningcha, mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 29-aprelda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga mana shu savollar koʻlami va dolzarbligidan kelib chiqib yondashsak, koʻp masala oydinlashadi. Chunki mazkur hujjat asosida amalga oshirilajak koʻplab oʻzgarishlar, koʻriladigan choralar orasida biz yuqorida eslatganimiz muammolar yechimiga oid aniq tadbirlar ham belgilangan. Chunonchi, Farmonga binoan Toshkent davlat yuridik universiteti Vasiylik kengashining yangi tarkibi tasdiqlanib, uning zimmasiga, qonun hujjatlarida belgilangan vazifalar bilan bir qatorda, alohida urgʻu bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarida yuridik kadrlarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni chuqur tahlil qilish asosida yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtmani samarali shakllantirishni taʼminlash vazifasi yuklangan.

Vasiylik kengashiga esa mamlakat hukumatining rahbari – Bosh vazir rahbarlik qilishi tayinlangan. Agar mazkur kengash zimmasiga yuklangan vazifaning koʻlami, ahamiyati, nihoyatda koʻp tarmoqli ekaniga eʼtibor bersak, ushbu toʻxtamning qanchalik toʻgʻri ekanini anglaymiz. Zero, butun mamlakat miqyosida yuridik kadrlarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni aniqlash, chuqur tahlil qilish, umumlashtirish asosida bu kadrlarni tayyorlashga nafaqat davlatning, balki butun jamiyatning buyurtmasini shakllantirish faqat va faqat ijro hokimiyatining eng oliy organi qoʻlidan keladigan ishdir.

Agar hujjat tili hamda talqinidan real hayot tili va talqiniga oʻtadigan boʻlsak, fikrimizni, quyidagi ayrim misollar yordamida izohlashimiz mumkin. Deylik, Oltiariqda yetishtiriladigan, biznikilar uncha koʻzga ilmaydigan sersuv turpni Ovruponing Shveysariyasida, jumladan, dunyo banklarining markazi, jahondagi eng qimmat (demakki, aholisi puldor!) shaharlardan biri boʻlmish Syurixda koʻzga surtib tanovul qilishadi. Turp va bodring, uzum va “mochalka” yetishtirishga “piri komil” boʻlib ketgan oltiariqlik dehqon, fermer esa, afsuski, oʻsha ovrupoliklar oʻziga taklif etayotgan shartnomani tushunish, chuqur anglash masalasiga kelganda, har jihatdan qiynalib qolishi tayin.

Xoʻsh, birgina Oltiariqda emas, respublikaning 200 dan ortiq tuman va shaharlarida faoliyat olib borayotgan, biri turp, boshqalari esa yana ming bir xil ziroat yetishtirayotgan, ularni faqat ichki bozorda emas, tashqi bozorda ham sotib valyuta ishlash, topgan bu mablagʻiga yangi, zamonaviy texnika va texnologiyalarni (yana kim bilandir shartnoma tuzib!) sotib olishni xohlaydigan zahmatkashlarga yordam beradigan, xorijliklarning nafaqat tilini, balki huquq va majburiyatlari borasidagi xalqaro normalarni, talablarni, iqtisodiyot, biznes, jahon savdosi qonun-qoidalarini yaxshi biladigan nechta mutaxassis yurist talab qilinadi? Bu talab – ehtiyoj hozir qancha-yu, besh yildan, oʻn yildan keyin qancha boʻladi? Mazkur masalalar bilan jiddiy shugʻullanish, bugungi va ertangi kunning shu yangligʻ chaqiriqlariga javob izlash Prezident Farmonining muhim yoʻnalishlaridan biridir.

Qolaversa, Oʻzbekiston faqat turp va bodring yetishtirib sotadigan, xorijdan esa faqat tish kavlagich-u xamirturush kukuni sotib oladigan yurt emas. Uning dunyo bilan oldi-berdisi yil sayin emas, kun sayin koʻpaymoqda, salmogʻi ortib bormoqda. Ayniqsa, xalqaro moliya markazlari, xorijiy kompaniya va firmalardan jalb etilayotgan yirik investitsiyalar, kreditlar bilan bogʻliq shartnomalar oʻzining nihoyatda murakkabligi, dabdurustdan ilgʻash qiyin boʻlgan shartlari bilan oluvchi tomonni sergak torttirmogʻi kerak, hatto shart ham.

Buni yaxshi anglagan markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, kompaniya va firmalar, savdo tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari oʻzlari kirishayotgan shartnomalarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun aksariyat hollarda yana oʻsha xorijdan mutaxassislarni jalb etishga majbur boʻlishi ham aniq. Zero, millionlab, baʼzan esa milliardlab dollarlik loyiha ustida gap ketayotgan bir paytda ikki-uch nafar xorijiy ekspert xizmatiga sarflanadigan mablagʻning “yuziga qarab oʻtirish aqldan emas”ligini ham odam tushunadi.

Biroq, boya taʼkidlaganimizdek, imzolanishdan oldin jiddiy oʻrganuvdan, xususan, huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim boʻlgan shartnomalar mamlakat miqyosida anchagina miqdorni tashkil etadiki, ularni ekspertizadan oʻtkazib beradigan xorijiy mutaxassislarga toʻlanayotgan, faqat valyutada berilishi shart hisoblangan mablagʻlar ham chakana hajmda boʻlmayapti.

Bu hajm esa faqat ular xizmatiga toʻlanadigan haq (gonorar) bilangina chegaralanmasligini ham koʻpchilik tushunadi, albatta. Ularning Oʻzbekistonga kelib-ketishi (aksariyat aviaqatnov), haftalab yoki oylab eng qimmat mehmonxonalarda yashashi, kamida toʻrt mahal ovqatlanishi, mohir tarjimon (unga ham haq berish kerak!) va avtoulov (har qalay, oddiy “Neksiya” emas!) xizmatidan istagan paytida foydalanishi, dam olish kunlari hordiq uchun shahar tashqarisidagi bahavo va shunga yarasha xizmat narxi baland maskanlarga borishi, Oʻzbekistondek mehmondoʻst yurtdan uyidagilari, ishxonadagilariga sovgʻa-salomlar berib yuborilishi singari koʻpdan-koʻp chiqimlar ham borki, ularning imkon qadar iqtisod qilib qolinishi, kimga qanaqa bilmadig-u, har qalay, davlatga, xalqqa zarar qilmagan boʻlur edi...

Bizningcha, xuddi mana shu singari jiddiy muammolar bilan shugʻullanish, yechimini topish Farmonning asl maqsad-mohiyatini tashkil etadi. Yuqorida bir qismi tahlil etilgan masala yechimi ham mazkur hujjatning 3-bandida toʻliq oʻz aksini topgan. Unda yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirishning aniq tartibi joriy etilishi, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi har yili ish beruvchilarning yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlari haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim qilishi belgilab qoʻyilgan.

Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimizning “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifa va topshiriqlarning har biri oʻz vaqtida, toʻla va sifatli amalga oshirilsa, yurtimizda nafaqat yuridik taʼlim va fan, balki juda koʻp sohalar rivojida tubdan takomillashish jarayonlari yuzaga kelishi shubhasizdir.

Rahmon QOʻCHQOROV,

TDYUU dotsenti v.b., filologiya fanlari nomzodi