Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun — Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni
13:39 / 2026-02-04

Bugungi kunda saraton yurak-qon tomir kasalliklaridan keyin o‘lim sabablari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar ta’kidlayotganidek, ushbu kasalliklarning katta qismi oldini olish mumkin bo‘lgan xavf omillari bilan bog‘liq.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotlariga ko‘ra, dunyoda har to‘rttadan bitta saraton holatining oldini olish imkoni mavjud. Bu esa profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.

JSST tomonidan saraton rivojlanishiga olib keluvchi 30 ga yaqin oldini olish mumkin bo‘lgan xavf omili aniqlangan. Ular orasida tamaki chekish, alkogol iste’moli, kamharakat turmush tarzi, havo ifloslanishi, ayrim infeksiyalar, ultrabinafsha nurlanish kabi omillar asosiy o‘rin tutadi. Ya’ni saraton holatlarining 15 foizi tamaki mahsulotlari iste’moli bilan, 10 foizi turli infeksiyalar,3 foizi esa alkogol iste’moli bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, jahon miqyosida oldini olish mumkin bo‘lgan xavfli o‘smalarning qariyb yarmini o‘pka, oshqozon va bachadon bo‘yni saratoni tashkil etadi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan saraton kasalliklari erkaklar orasida ayollarga nisbatan 15 foizga ko‘proq uchraydi. Erkaklarda bunday holatlarning 23 foizi tamaki chekish, 9 foizi infeksiyalar, 4 foizi alkogol iste’moli oqibatida kelib chiqmoqda. Xotin-qizlarda esa 11 foiz holat infeksiyalar, 6 foiz tamaki, 3 foiz yuqori tana vazni bilan bog‘liq.  

Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, saratonga qarshi kurashda erta diagnostika va ommaviy skrining dasturlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, Yevropa mamlakatlarida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini barvaqt aniqlash bo‘yicha milliy dasturlar amal qiladi. Ko‘plab davlatlarda odam papilloma virusi (HPV) va gepatit B ga qarshi emlash onkologik kasalliklarni kamaytirishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham onkologik xizmatni rivojlantirish, profilaktika va erta tashxisga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublika onkologiya markazlari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, hududlarda ixtisoslashgan muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, xavf guruhidagi fuqarolarni skriningdan o‘tkazish, emlash qamrovini kengaytirish, birinchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida onkologik hushyorlikni kuchaytirish ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, saraton kasalligi butun jamiyat oldida turgan ijtimoiy masaladir. Uni kamaytirish, og‘ir oqibatlarining oldini olish har bir insonning o‘z sog‘ligiga bo‘lgan mas’uliyatidan boshlanadi. "Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni" esa yana bir bor sog‘lom turmush tarzini tanlash, profilaktika choralariga amal qilish orqali hayotni asrash mumkinligini eslatadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA