Bugun boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 52 ta juftlik janglari o‘tkaziladi
Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” Yakka kurashlar majmuasida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida mamlakat birinchiligi bahslari davom etmoqda.
Mamlakatimiz hududlari va boksga ixtisoslashtirilgan oliy sport maktablarining 16 ta jamoasi yosh sportchilari ishtirokida 13 ta vazn toifasida o‘tayotgan chempionatning uch kunlik saralash janglari ortda qoldi.
270 nafar yosh bokschilar ishtirokida kechayotgan birinchilikda bugungacha umumiy hisobda 182 ta juftlik ishtirokidagi bahslar yakunlandi.
Bugun, 2 fevral kuni chempionatning to‘rtinchi kunida saralashning so‘nggi bahslari tashkil etiladi.
Kun davomida ikkita ringda 52 ta juftlik qarama-qarshiligidagi janglar bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatning yarim final va final musobaqalari 5-6 fevral kunlari o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA