Bugun, 6 sentyabr kuni Parijda davom etayotgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimizning 22 nafar irodali para sportchisi 5 ta sport turida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Kun davomida 10 ta sport dasturida Paralimpiya o‘yinlarining 82 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi.

Medallar jamg‘arish borasida Xitoy vakillari yetib bo‘lmas darajada ta’qibchilarini ortda qoldirmoqda. 74 ta oltin, 55 ta kumush, 37 ta bronza jami 166 ta medal.

Aytish lozim, ortda qolgan sakkizinchi musobaqalar kuni O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun omadli kechdi. Aynan kecha o‘tkazilgan shiddatli bahslar natijasida para sportchilarimiz oltin medal jamg‘arish borasida “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlarining natijasini takrorladi. Para dzyudochimiz Sherzod Namozov va para yengil atletikachimiz Husniddin Norbekovning g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishi tufayli oltin medallarimiz soni 8 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni 182 ta davlat orasida kuchli 12 talikka olib chiqdi.


Yakunlanishiga 3 kun qolgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida bugungacha ishtirok etayotgan 182 ta davlatning 80 tasi u yoki bu darajadagi medalga ega bo‘lgan. Qolgan mamlakat vakillari ham munosib raqobat ko‘rsatayotgani to‘rt yillik matonat va iroda jangi har jihatdan murosasiz o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA