Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bug‘doy ekish boshlandi
14:58 / 2025-09-18

Buxoro viloyati Qorako‘l dalalarida yana bir hayotbaxsh jarayon boshlandi. Yerga qadab qo‘yilgan har bir don, aslida, yurtimiz rizq-ro‘zining, elimiz dasturxoni to‘kinligining ramzi.

Tumanning “Xudaybek Bobur G‘allakor” fermer xo‘jaligida kelgusi yil g‘alla ekishga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar, bug‘doy ekishning aynan hozirgi palladagi foydalari haqida to‘xtaldi. Urug‘ sepishda mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri qo‘llash hosil hajmi va sifatini belgilashini alohida ta’kidlashdi.

– Bugun tuproqqa qadab qo‘yilayotgan har bir don ertangi dasturxonimizning barakati, xalqimizning rohat-farog‘ati demakdir. Ayniqsa, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida ekilayotgan yangi, yuqori hosildor xorijiy va mahalliy navlar kelgusi yil hosilini yanada mo‘l-ko‘l qiladi, – deydi tuman hokimi Xurshid Tohirov. 

Darhaqiqat, bu yilgi ekinlarda mahalliy sharoitga moslashtirilgan, qurg‘oqchilikka chidamli navlar hamda hosildorligi yuqori xorijiy navlar uyg‘unlikda ekilmoqda. Bu esa nafaqat hosil sifatini oshiradi, balki mo‘l-ko‘l hosil kafolatini ham beradi. 2026 yil hosili uchun tumanda 6000 gektardan ortiq maydonda 247 ta fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alla ekish reja qilingan. Shu tariqa, seminar doirasida ilk donlar tuproqqa qadab, tumanda g‘alla ekishga start berildi. 

Zarif Komilov, O‘zA