Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Budapeshtda O‘zbekiston-Vengriya Ikkinchi rektorlar forumi o‘tkazildi
09:21 / 2023-05-20

Vengriyaning poytaxti Budapesht shahrida O‘zbekiston-Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlari II forumi o‘tkazildi.

Xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi OTM rektorlari, prorektorlari hamda mas’ul rahbarlardan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanni Vengriya  Madaniyat va innovatsiyalar vazirligi innovatsiyalar va oliy ta’lim bo‘yicha davlat kotibi, professor Balázs HANKÓ kirish so‘zi bilan ochib, tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy qutladi va ushbu forum ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

– Avvalo, bizning ikki vazirligimiz maqsadlari mushtarakligidan mamnun ekanimizni izhor etmoqchiman. Shu o‘rinda universitetlarimiz xususiy sektor bilan yanada yaqinroq ishlashi kerakligi muhim. Hamkorlikda iqtidorli talabalarni ko‘paytirish orqali ikki davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga erishamiz. Qo‘shma ilmiy loyihalarni ko‘paytirish, professional ta’limni rivojlantirish ham hamkorligimizning muhim qismi bo‘lib qoladi, – dedi Balázs HANKÓ.

O‘zbekiston tomonidan so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan rektorlarning birinchi forumi natijasida universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari sezilarli darajada kengayganini ta’kidlab, bu galgi forum ishida ham muhim kelishuvlarga erishilishini qayd etdi.

– Bugun O‘zbekiston-Vengriya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalari jadallashib bormoqda. Shuni alohida qayd etmoqchimanki, so‘nggi yillarda Vengriya tomoni Vengriya hukumatining yillik stipendiyalari sonini 30 tadan 170 tagacha oshirdi. Albatta, biz buni Vengriya tomonining iqtisodiyotimiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shayotgan ulkan hissasi deb bilamiz, – dedi K.Karimov.

Shuningdek, anjumanda so‘z olganlar ikki davlat ta’lim sohasida hamkorlik aloqalari, uning yutuqlari va istiqbollari haqida to‘xtaldi. Ushbu nufuzli anjuman natijasi mamlakatlar o‘rtasida sohadagi aloqalarning jadallashuviga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Namangan muhandislik-texnologiya instituti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik, Texnika universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kabi 13 ta oliy ta’lim muassasalari rektorlari chiqishlar qildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi Birinchi rektorlar forumi 2021 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, ushbu tadbir O‘zbekiston-Vengriya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilgan edi.  

Birinchi forum natijalarida imzolangan shartnomalar va memorandumlar asosida O‘zbekistonlik talabalar va doktorantlar Vengriyada tahsil olish va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.  

O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlaridan bo‘lib, hozirda mazkur loyihalar uchun ikki mamlakat tomonidan teng miqdorda 1 million yevrodan mablag‘ ajratilgan.

Kelgusida O‘zbekistonda Vengriyaning eng qadimgi universitetlaridan biri bo‘lgan Debretsen universitetining filiali ochilishi kutilmoqda.  

Qayd etilishicha, o‘tgan 2018 yildan beri Vengriya hukumati har yili O‘zbekiston fuqarolariga stipendiyalar taqdim etadi.  “Stipendium Hungaricum” dasturi qisqa muddatlarda o‘zbekistonlik yoshlarning e’tiborini tortdi.  

So‘nggi yillarda Vengriya hukumati stipendiyalar sonini 6 baravarga oshirgani (30 tadan 170 tagacha) yoshlarimizning sifatli ta’lim olishlariga imkon yaratmoqda.

Hozirda O‘zbekiston Vengriya bilan hamkorlikda farmakologiya, farmatsevtika va boshqa tibbiyot sohasidagi yo‘nalishlarda, shuningdek, ta’lim sohasiga innovatsiyalarni joriy etishda, qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan foydalanish, zamonaviy biotexnologiyalar yordamida suvni tozalash, tomchilatib sug‘orish sohalarida eng so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha bilimlarga ega mutaxassislar tayyorlashdan manfaatdor.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA