Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Budapeshtda O‘zbekiston – Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
10:37 / 2021-02-18

O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Budapesht shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining bir qator vakillarini jamlagan O‘zbekiston – Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.

O‘zbekiston hamda Vengriya o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘zaro aloqasini mustahkamlash tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Tadbirni ochar ekan P.Siyyarto ikki davlat aloqalarini rivojlantirishning ijobiy o‘sish sur’atini e’tirof etarkan, Vengriya hukumati har ikki mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Shuningdek, vengr kompaniyalarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan o‘zaro aloqani faollashtirishga chaqirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda davlatning har tomonlama yordami kafolatlanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, vengriyalik salohiyatli investorlar va savdo sheriklarini O‘zbekiston hukumatining O‘zbekiston – Vengriya ishbilarmonlik hamkorligini jadal rivojlantirishga sodiqligiga ishontirib, ikki mamlakat ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhim va dolzarbligini ta’kidladi.

Vengriya kompaniyalariga xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonning ochiqligini ta’minlash va jozibadorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlatning rolini bosqichma-bosqich qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi va bank-moliya sektori kabi istiqbolli yo‘nalishlarda investitsiyaviy imkoniyatlar ham chuqur ochib berildi.

Biznes-forum davomida, shuningdek, vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari hamda O‘zbekiston va Vengriyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “V2V” uchrashuvlari o‘tkazildi. Muloqot davomida ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo bitimlarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida O‘zbekistonning turli hududlarida parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida 12ta investitsiya loyihani amalga oshirish bo‘yicha qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Bundan tashqari 76 ta yangi istiqbolli investitsiya loyihasi ustida birgalikda ishlashni davom ettirishga kelishib olindi. Jumladan, 26 taloyiha bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya tarafdan hamkorlar aniqlangan bo‘lib, tegishli muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Savdoni rivojlantirish bo‘yicha Vengriya agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, o‘zaro sayyohlik oqimini kengaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Xususiy turizm tashkilotlari Assotsiatsiyasi hamda Vengriya Sayyohlik agentliklari va turoperatorlari Assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Vengriya farmakologik klasteri o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.