Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Budapeshtda amaliy ahamiyatga ega muhim uchrashuvlar va biznes forum o‘tkazildi
11:25 / 2025-12-04

O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Vengriyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri – «Gedeon Richter» korxonasiga tashrif buyurib, uning ishlab chiqarish jarayonlari, ilmiy-tadqiqot ishlari va kelgusi rivojlanish strategiyasi bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur kompaniya jahon bozoriga 2,8 ming nomdagi dorivor vositalarini yetkazib berib, xalqaro farmatsevtika sohasida muhim o‘rin egallaydi. Mamlakatimizda kompaniyaning yillik mahsulot savdo aylanmasi 10 million AQSH dollaridan ziyoddir.

Uchrashuv chog‘ida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Farmatsevtika sohasida qo‘shma ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi va innovatsion mahsulotlar yaratish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham e’tibor qaratildi.

«Gedeon Richter» kompaniyasining mintaqaviy direktori Oroz Andrash O‘zbekistonda nevrologiya yo‘nalishida qo‘llaniladigan yuqori samarali «Kariprazin» preparatining kontrakt asosida mahalliy ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish borasida katta qiziqish bildirdi. Mazkur dori vositasi AQSH bozorida kompaniyaning sotilish darajasi eng yuqori bo‘lgan mahsulotlaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, u loyiha bo‘yicha texnik va tijorat tavsiflarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekistondagi hamkorlar bilan yaqin kunlarda uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

***

O‘zbekiston delegatsiyasi 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Gellert Yaszai bilan xalqaro biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiya hamda texnologik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, axborot texnologiyalari, raqamli infratuzilma, xususiylashtirish va muqobil energiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi IT tizimlarini integratsiya qilish, raqamli infratuzilma, telekommunikatsiyalar, mudofaa va kosmos loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi. 

O‘zbekiston bozori siyosiy va huquqiy jihatdan barqaror va istiqbolli ekani, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va yosh aholi biznes rivojlanishi uchun katta salohiyat yaratayotganini ta’kidladi.

Qo‘shma investitsiya va IT loyihalari, raqamli infratuzilma, Mobile.uz va raqamli xizmatlar platformalarini rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari faoliyati hamda masofadan yerni zondlash va sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi loyihalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni davom ettirish va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

***

O‘zbekiston delegatsiyasi Vengriya tadbirkorlari va kompaniyalari vakillari bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Unda  15 dan ortiq kompaniya va tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, sanoat modernizatsiyasi, xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari haqida ma’lumot berildi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, ta’lim va madaniy sohalardagi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.

Vengriya tadbirkorlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirdi. 4iG raqamli yechimlar va telekommunikatsiya, H2O Konzorcium suv ta’minoti hamda ekologik texnologiyalar, Metrimed tibbiyot jihozlari va sog‘liqni saqlash, FANTASTIGO iste’mol tovarlari, Limelog va Woodstock logistika hamda eksport-import sohalarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Vengriyaning HEPA agentligining O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha vakolatxonasi ochildi. Mazkur agentlik O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, loyiha takliflari tayyorlash va doimiy muloqot o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

N.Abduraimova,

O‘zA