English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Budapesht sammiti: O‘zbekistonning strategik tashabbuslari – Turkiy dunyo taraqqiyoti sari yangi qadam
17:40 / 2025-05-22

Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti o‘zaro hamkorlik va integratsiyaning yangi bosqichini belgilab berdi, deyish mumkin. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, ekologik barqarorlik, fan-ta’lim va madaniyat sohalaridagi ilg‘or tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbarining strategik va amaliy takliflari turkiy davlatlar birligini mustahkamlash, tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’sirini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri – global va mintaqaviy xavfsizlik borasida mamlakatimiz yetakchisi Rossiya – Ukraina ziddiyatini diplomatik yo‘l bilan hal etish, shuningdek Falastin – Isroil nizosiga adolatli yechim topish, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatga alohida e’tibor qaratish zarurligiga urg‘u berdi. TDT davlatlari xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi qoidalariga asoslangan yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashi muhimligi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, turkiy davlatlarning xalqaro maydondagi umumiy qarashini mustahkamlaydi.

Prezidentimiz nutqidagi yana bir muhim yo‘nalish – iqtisodiy hamkorlik edi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Turk-Treyd” onlayn platformasini yaratish tashabbusi TDT makonida savdo jarayonini soddalashtirishga xizmat qiladi. Ushbu platforma savdo hajmini oshirish uchun yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratib, mavjud iqtisodiy imkoniyatlarni to‘liqroq ishga solishga yordam beradi. 2023 yil Qirg‘izistonda o‘tgan forum va Toshkent iqtisodiy sammitida ham aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlangan edi. Mazkur loyiha ayni yo‘nalishda muhim qadam hisoblanadi.

Ushbu platforma, xususan, Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish, bojxona tartibini soddalashtirishga ko‘maklashadigan jarayonning muhim qismidir.

Sammitda Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga ko‘tarish masalasini ham ko‘tardi. Kimyo, energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat va qurilish sohalarida ko‘p qirrali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bu tashabbus Turkiy davlatlarda birlashgan iqtisodiy quvvat yaratishga yordam beradi. Ayniqsa, neft, gaz, uglerod va mineral resurslar bilan bog‘liq sohalardagi hamkorlik mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.

Anjumanda investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishga ham urg‘uberildi. O‘zbekiston rahbari tomonidan Turkiy investitsiya jamg‘armasini faollashtirish va qo‘shma venchur kompaniyalari tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bu investitsiyaviy hamkorlik, turkiy davlatlarning sarmoya jalb qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish imkonini beradi. Shuningdek, “yagona darcha” va “yashil yo‘laklar” tizimlari orqali Transkaspiy yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish taklifi ham ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Bunday tashabbuslar bojxona amallarini soddalashtirish, mintaqaviy savdoni tezlashtirishga qaratilgan.

Shavkat Mirziyoyevning atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan takliflari ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bu tashabbuslar qurg‘oqchilikning oldini olish, global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda “yashil” taraqqiyot sohasidagi hamkorlik borasida turkiy davlatlar birligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ekologik barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sammitda fan-ta’lim va madaniyat sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish taklifi ham bildirildi. Masalan, Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish turkiy xalqaro ta’lim imkoniyatini kengaytirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi. Bunday ta’lim maskani yoshlarga zamonaviy bilim berib, ularni global va mintaqaviy muammolarga faol yondashishga rag‘batlantiradi.

Shuningdek, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi va Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY orqali mavjud hamkorlikni kuchaytirish, umumturkiy madaniy merosni saqlashga qaratilgan tashabbuslar madaniyatlarimiz integratsiyasini ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda TDT Budapesht sammiti a’zo davlatlarning xalqaro munosabatlardagi o‘rnini mustahkamlash, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, ekologik, madaniy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, global tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Oqiliddin Alimov,

TDSHU Sharq mamlakatlari rivojlanishini

tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi direktori,

O‘zA