Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yurtda inson aziz, uning qadr-qimmati har narsadan ustun!
16:03 / 2024-12-07

Munosabat

Yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning negizini insonparvarlik va fuqarolarning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatining ustuvorligi kabi umuminsoniy prinsiplar tashkil etadi.

Jumladan, yangilangan Konstitutsiyamizda ham inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilab qo‘yildi. Unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshirildi. .

Darhaqiqat, jinoyat sodir etgan bo‘lsa-da, biroq o‘z xatosini anglagan va undan tegishli xulosa chiqargan, ma’naviy jihatdan qayta tarbiyalangan shaxslarning oilasi, farzandlari bag‘riga qaytishiga imkon berish xalqimizga xos bo‘lgan kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi qadriyatlarning amaliy ifodasidir.

Ayniqsa, keyingi yillarda hayotda adashganlarga ham imkoniyatlar berilib,  har yili Mustaqillik bayrami, Konstitutsiya qabul qilingan kun va Hayit bayramlari munosabati bilan bir guruh mahkumlar Prezidentimiz farmoni bilan afv etib kelinmoqda.

Xususan, bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi munosabati bilan jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 483 shaxs afv etildi. Ushbu hujjatga muvofiq sudlanganlar tez orada oilasi bag‘riga qaytadi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchilariga aylanadi.

E’tiborli jihati, bu kabi ezgu tashabbuslar oxirgi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bir bo‘lagiga aylanmoqda. Jumladan, nafaqat yurtimizdagi tuzalish yo‘liga qaytgan mahkumlarga yana bir bor imkoniyat berish, qolaversa, “Mehr” operatsiyalari doirasida urush o‘choqlaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘p bora e’tirof etildi.

Shuningdek, nafaqat ularni kechirish, balki kelgusi faoliyatlarida ham ularga ko‘maklashish davlatimiz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Joylarda mutasaddilar tomonidan afv etilganlarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, salomatliklarini tiklash, ishga joylashtirish va shu kabi hayotiy masalalarda amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bu orqali ularda islohotlarga nisbatan daxldorlik hissi ortishiga, mamlakatimiz va oilalari farovonligiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishiga erishiladi.

Mazkur bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan farmon jamiyatimizda inson, uning hayoti va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanligini yana bir bor tasdiqladi.  

Xulosa qilib aytganda, bu yurtda inson aziz, uning qadr-qimmati har narsadan ustun. Buni 483 nafar mahkumlarning afv etilishida ham ko‘rish mumkin. Bu raqamlar ortida qanchadan-qancha oilalar, farzandlar quvonchi, yaqinlarining bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan shukronalik hissi yotibdi.

Gulnoraxon Abduvohidova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.

O‘zA