Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yurt barchamizniki
11:59 / 2025-08-08

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligiga

Xalqimiz azaldan mehmondo‘st, bag‘rikengligi bilan tanilgan. Bu yurtda yashayotgan millat vakillarining hech biri bu yerda o‘zini begona his qilmaydi. Shuning uchun qay bir hududda bo‘lmang, barcha millat vakillari bir oila vakillari singari tinch-totuvlikda yashab, mehnat qilayotganligiga guvoh bo‘lasiz.

Navbahor tumanining Beshrabot qishlog‘ida tug‘ilgan Anvar Ismoilov Navoiy davlat konchilik instituti (hozirga Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti)ni bitirib, 3-gidrometallurgiya kombinatiga ishga kelganida o‘z oilasini ko‘rgandek bo‘ldi. Sababi bu yerda ham turli millatlar vakillari ahil va inoq, bir jamoa bo‘lib ishlaydi. Ular bilan til topishish esa Anvarga qiyinchilik tug‘dirmadi. Chunki u 4 amakisining ayolidan, 6 ammasining turmush o‘rtog‘idan o‘zbek, tojik, tatar, arab, rus tillarini va ularning urf-odatlarini o‘rganib, voyaga yetgandi.  

Bobosi Zefar bobo asli tataristonlik boshqird, harbiy xizmatdagi sevgi sabab qishloqqa kelin bo‘lib tushgan momosi – Natalya Mixaylovna olis Rossiyadan. Zefar boboning 11 nafar farzandi turli millat vakillarini o‘zlariga jufti halol qilib tanlashdi. Qahramonimiz Anvarning otasi tatar, onasi esa qoraqalpoq. Turmush o‘rtog‘i Mahliyo esa tojik qizi.  

– Men oilamiz shajarasi haqida biror kishiga gapirib bersam, ular ajablanishadi, – deydi Anvar Ismailov. – Bobom rahmatli doim “Har bir millat urf-odat va qadriyatlarini asrab-avaylash kerak. Biroq o‘zi yashayotgan Vatanining qadriyati hamma narsadan ulug‘”, derdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, barchamiz bobomizning nasihatiga amal qilamiz, ya’ni hammamiz “o‘zbeklashgan”miz. To‘ylarimiz, yaxshi-yomon kunlarimiz shu xalq bilan o‘tadi. Har bir bayramni biz qarindoshlar bilan o‘zgacha nishonlaymiz. To‘g‘rirog‘i, milliy bayramlarimiz hammamizning bayramimizga aylanib ketadi. Ruslarning “Maslenitsa”dan tortib, bolgarlarning “Martinitsa”sigacha, armanlarning gullar bayrami – “Vardavar”idan, tatar va boshqirdlarning “Sabantuy”igacha. Biz buvim sabab oilada rus tilida muloqot qilsak-da, hammamiz o‘zbek tilida ta’lim oldik. Vatanni sevgandek, o‘zbek tilini sevamiz.  

Hozir Anvar Ismailov Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-GMZ Kadrlar bo‘limida mutaxassis bo‘lib ishlaydi. Turmush o‘rtog‘i Mahliyo Ro‘ziqulova esa Uchquduq tumanidagi ta’lim rus tilida olib boriladigan 3-maktabda o‘qituvchi. Ular nafaqat tumanda, balki Navoiy viloyatida ham tanilgan. Ular “Kitobxon oila” tanlovi g‘olibi. Endi esa “Zakovat” turnirining respublika bosqichida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rishmoqda.  

Anvar va Mahliyoning jajji qizalog‘i Albina endigina 3 yoshda. Uning millati  o‘zbek. Muhimi, unda hech nimadan xavotir yo‘q. Na undan millati, na irqi so‘raladi. Faqatgina unga shu ona tuproq uning Vatani ekanligi uqtiriladi, xolos.

A.Bo‘riyev,

O‘zA muxbiri