O‘z haq-huquqini yaxshi bilgan inson jamiyatda hech qachon qiynalmaydi.
Shuningdek, u mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘z fikrini bildirib, islohotlar jarayonida faol ishtirok etadi. Har yili Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan «Huquq bilimdonlari» tanlovining o‘tkazib kelinayotgani bu borada katta ahamiyat kasb etayotir, deyish mumkin. Kuni-kecha «Huquq bilimdonlari» tanlovining yakuniy final bosqichi o‘tkazilib, bu yilgi huquq bilimdonlarining nomlari aniqlandi.
Unda tanlovning 1- va 2-shartlarini muvaffaqiyatli bajarib, final bosqichiga yetib borgan Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi Farg‘ona viloyati saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi kotibi Abror Otaboyev ham ishtirok etdi.
Barcha siyosiy-huquqiy savollarga tezkorlik va topqirlik bilan aniq javob bergan A.Otaboyev faxrli 1-o‘rinni egallab, chin ma’noda huquq bilimdoni deya e’tirof etildi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, farg‘onalik huquq bilimdoni A.Otaboyev bu kabi nufuzli tanlovlarda bir necha yillardan buyon faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib keladi.
– Jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etish uchun, albatta, o‘qish-izlanish kerak. Bizning huquqiy madaniyatimiz qonunlarni qay darajada bilishimiz bilan belgilanadi, deb o‘ylayman. Siyosiy jarayonlarga munosabatimizni shakllantirish va qonunlarga hurmat ruhini kamol toptirishga qaratilgan bunday tanlovlar biz uchun siyosiy bilimlarimizni oshirishda maktab vazifasini bajarmoqda. Tanlovning dastlabki bosqichlari onlayn tarzda o‘tkazilgani juda qulay bo‘ldi. Boisi baholash jarayoni ham elektron tizimda haqqoniy olib borildi, – deydi Abror Otaboyev.
Qonunlarimizni o‘qish, uni o‘rganish, mazmun-mohiyatini tushunish hayotimizda juda muhim o‘rin tutadi. Shundagina, o‘z huquqlarimizni anglab yetamiz.
Shohsulton TO‘XTAMATOV,
jurnalist