Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yil yigʻim-terim mavsumi qanday oʻtadi?
14:53 / 2020-09-07

Mamlakatimizda bu yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlandi.


Mamlakatimizda bu yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlandi. 

Pandemiya sharoitida hosilni talafotsiz terib olish, yaʼni terimchilarni infeksiya yuqtirib olishdan asrash eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Bu yil terimga kimlar jalb qilinadi, majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaydimi, koʻngilli terimchilar uchun qanday sharoitlar yaratilgan?

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari Bahodir UMRZOQOV OʻzA muxbiriga bu kabi savollarga javoban quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Bu yil paxta yigʻim-terimi mavsumiga yangicha yondashuvlarni joriy qilyapmiz, – dedi B.Umrzoqov. – Avvalo, yollanma terimchilar bilan tegishli shartnoma tuziladi, hech bir koʻngilli ishchi shartnomasiz dalaga chiqmaydi. Buning uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida qoʻshma hujjat imzolandi va unga asosan nizom ishlab chiqildi. Paxta terimi mavsumiga hashar sifatida qaralmaydi. Jarayonga shartnoma asosida koʻngillilar jalb qilinadi.

Ish beruvchi va yollanma paxta teruvchi oʻrtasida teng huquqli munosabat belgilangan. Bu borada qator tegishli tashkilot vakillari munosib mehnat sharoitlarini yaratishga eʼtiborni kuchaytiradi. Jarayonda kasal boʻlib qolish, shikast olish kabi holatlarning oldini olishimiz zarur.

Paxta terimida qatnashadiganlar ikki guruhga boʻlinadi. Yashash joyidagi paxta terimida qatnashuvchilar va boshqa viloyat, tumanlarga borib jarayonda ishtirok etuvchi terimchilar. Barcha maʼlumotlar yangi tashkil qilingan terim.uz saytiga joylashtirib boriladi.

Har bir yollanma ishchilar guruhlarga boʻlinadi. Har bir guruh 50-70 terimchidan iborat boʻladi. “Oʻz hududimda paxta teraman”, deganlarga alohida moliyaviy munosabat, “Yoʻq, boshqa uzoq viloyatga borib, teraman”, deguvchilarning har biriga 500 ming soʻmdan moliyaviy yordam beriladi. Tergan paxtasiga esa alohida belgilangan narxda pul oladi. Paxta terimiga safarbar etilgan fuqarolarning 100 nafariga bitta hamshira biriktiriladi. Ularning maxsus xonasi boʻlib, barcha zarur dori-darmon beriladi.

Boshqa hududga boradigan terimchilar uchun barcha sharoit yaratiladi. Jumladan, yotoq joy, ovqatlanish, ishdan soʻng televizor koʻrib, radio tinglash, gazeta va kitoblar mutolaa qilishi uchun sharoit yaratish masalasi tashkiliy tomondan hal etilmoqda.

Terimchilar oʻzi istagan muddatga shartnoma tuzishi mumkin. Xohlasa bir hafta, xohlasa 15 kun, xohlasa bir oy. Hech kim qanchadir muddatga shartnoma tuzishga majburlanmaydi.

Shartnomalarni rasmiylashtirish jarayoni mahalliy bandlik markazlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari hamda mahalla vakillari ishtirokida amalga oshiriladi. Shuningdek, paxtaga chiqishidan oldin har bir ishchining tana harorati oʻlchanadi. Bu masala sanitariya-epidemiologiya xodimlariga topshiriladi. Bular bizga yaqindan yordam beradi.

Paxta yigʻim-terimida bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish holati, shuningdek, mehnat huquqlari poymol etilayotgan yoki ish beruvchi tomonidan vakolati va majburiyatiga kirmaydigan ishga majburlanayotgan fuqarolar vazirlik tomonidan Telegram messenjerida ishga tushirilgan “@mehnathuquq” boti hamda dm.mehnat.uz ga murojaat etishlari mumkin. Murojaat qilgan shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi. Mazkur bot orqali har qanday mehnat qonunchiligi buzilish holatlari, jumladan, mavsumda majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilayotgani yoki shu kabi salbiy hodisalar boʻyicha murojaat yoʻllash mumkin boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlar ham tahliliy-tanqidiy oʻrganiladi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bizda koʻp bolali oilalar mavjud. Baʼzi ota-onalar yaxshi paxta teradi, deb 9-10 sinf farzandlarini darsdan soʻng paxta dalasiga olib chiqmoqchi boʻlishi mumkin. Ammo bu mumkin emas, hattoki ota-onasi xohlasa ham.

Oʻzbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish taqiqlanadi. Bu masalada ortga qaytilmaydi. Mamlakatimizda bu yilgi mavsumda majburiy mehnatga umuman yoʻl qoʻyilmaslik, ixtiyoriy mehnatni ragʻbatlantirish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy mavsum birinchi terimda 1 kilogramm paxta uchun ming soʻm, ikkinchi terimda 1 ming 400 soʻm haq toʻlanadi.

Yana bir maʼlumot, baʼzi bir hududlarda mahalla xodimlari tomonidan 2 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalari bor oilalarga moddiy yordam puli paxta yigʻim-terimida qatnashgan fuqarolarga berilishi haqida yolgʻon tashviqot, yaʼni “Chiqsang mana shu yordam pulini chiqarib beramiz, chiqmasang yordam pulini uzib qoʻyamiz” deb majburlayotgan holatlar kuzatilayotgan ekan. Bu notoʻgʻri, albatta. Bunday hollarga duch kelgan fuqarolar yuqoridagi Telegram messenjeriga va telefon raqamiga murojaat qilishi mumkin. Qonunchiligimizda bunday talab belgilanmagan.

Muxtasar aytganda, paxta mavsumiga majburlash mumkin emas. Koʻngilli ravishda paxta teraman degan odamlarning har biriga oldindan 500 ming soʻmdan beriladi. 

Biz aholini mavsumga qoʻrqitish emas, moddiy ragʻbatlantirish mexanizmi orqali jalb etmoqchimiz.