Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yil Toshkent viloyatida 29 ta ko‘prik foydalanishga topshiriladi
16:19 / 2022-01-26

So‘nggi yillarda yo‘l qurilishi sohasida to‘plangan tajriba, amaliyotga tatbiq qilinayotgan xalqaro talablar tufayli keng va ravon yo‘l, yo‘l o‘tkazgich, ko‘prik, piyodalar uchun yer osti va usti yo‘llari bunyod etilyapti.

Bu sa’y-harakatlar sabab aholining uzog‘i yaqin bo‘lib, avtotransportlarning harakat xavfsizligi ta’minlanmoqda.

Hozir Toshkent viloyatida jami 14 ming 157 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari va 1 ming 11 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich mavjud. Ushbu avtomobil yo‘llari tarmog‘ida harakat ishtirokchilariga yetarli shart-sharoitlar yaratish va harakat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Viloyatda 2017-2021 yillar davomida barcha tuman-shaharlardagi 3 ming 996,2 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘i ta’mirlandi va rivojlantirildi. Ushbu maqsadlarga jami 3,7 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi. Jumladan, umumiy avtomobil yo‘llarining 1 ming 32,9 kilometr uzunlikdagi qismi va 32 ta ko‘prik ta’mirlangan bo‘lib, mazkur ishlar uchun 2,5 trillion so‘m sarflandi. Joylardagi ichki xo‘jalik yo‘llarining 2 ming 954,5 kilometr qismi va 9 ta ko‘prik ham ta’mirlangan bo‘lib, bu ishlar uchun 1,2 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.

Xususan, A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Piskent va Ohangaron tumanlaridan o‘tuvchi 108 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi. Qibray tumani hududida 15 kilometr uzunlikdagi yangi avtomobil yo‘li qurildi, "Toshkent - Chirchiq - Chorbog‘" avtomobil yo‘lining 9 kilometr qismi kapital ta’mirlandi.

Bundan tashqari, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlarini bog‘lovchi yangi yo‘nalishdagi 19,2 kilometr uzunlikdagi yangi avtomobil yo‘li va Chirchiq daryosi ustidan o‘tuvchi 256 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurildi. Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlarini bog‘lovchi ko‘p yillardan buyon avariya holatida bo‘lgan Chirchiq daryosi ustidagi 174 metr uzunlikdagi ko‘prik yangidan qurildi.

O‘z navbatida, aholi uchun zarur bo‘lgan va ichki yo‘llarda joylashgan, ya’ni, Yangiyo‘l shahar hududida 90 metr uzunlikdagi 3 dona yangi ko‘prik, Oqqo‘rg‘on tumani markazidagi Yoshlar bog‘iga olib boruvchi “Shamalak” kanali ustidan o‘tuvchi 18,5 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurish va Yangiyo‘l tumani hududidagi Mehnatobod va Shabnam ko‘chalarini bog‘lovchi “Jun” kanali ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurish ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, Jahon banki ishtirokidagi “Mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish” loyihasi doirasida viloyatdagi umumiy foydalanishdagi Zangiota, Piskent, O‘rta Chirchiq va Yangiyo‘l tumanlaridan o‘tuvchi 87 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi.

Joriy yilda ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom etadi. Buning uchun viloyatdagi 870 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlashga jami 1,1 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi. Natijada 263 kilometr umumiy foydalanilayotgan yo‘llar va 29 ta ko‘prik foydalanishga topshiriladi. Joylardagi 608 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari, 21 ta ko‘prik ta’mirlanadi.

A.Musayev, O‘zA