Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yil GRDC ilmiy-texnologik markazi tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi?
17:34 / 2023-12-13

Bugungi kunda Toshkentdagi "Geo Research And Development Company" (GRDC) ilmiy-texnologik markazi geologiya-qidiruv, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni ishlash, qazib olish, yig‘ish, tayyorlash va transportivka qilish tizimlarini loyihalashtirish bo‘yicha yetakchi muassasa hisoblanadi.

Mazkur ilmiy muassasa 10 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda unda 320 nafar malakali mutaxassis ishlaydi. Ulardan 3 nafari fan doktori, 6 nafari texnika, kimyo va geologiya-fizika fanlari nomzodidir. 

2023 yilda GRDC ilmiy-texnologik markazi tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? 

Bu haqda GRDC ilmiy-texnologik markazi direktori Azizbek Nazarov quyidagilarni ma’lum qildi: 

–Har bir tashkilot yil yakunida amalga oshirilgan ishlarini sarhisob qilib, kelgusi yil rejalarini tuzib oladi. Bizda ham shunday. Avvalo, ushbu ilmiy muassasa o‘zida salohiyatli kadrlari va eng ilg‘or texnologiyalarga egaligi bilan keng imkoniyatlarga ega. 

Muassasa ilmiy-tadqiqot va uning natijalari asosida ish ko‘radi. U mamlakatimizda neft’ va gaz sohasida eng yaxshi ekspertizani amalga oshiradi. Shuningdek, tashkilot tomonidan servis xizmatlari, quduqlarda tadqiqot ishlari, ilmiy va loyiha faoliyati, neft’ sanoati uskunalarini himoya qilish, topogeodezik va geologik tadqiqotlarni o‘tkazish, quduqlarni qurish va kapital ta’mirlashda supervayzing xizmatlar ko‘rsatish kabi vazifalar amalga oshiriladi. 

Bugungi kunda GRDC va Sanoat energetika guruhi o‘rtasida ilmiy-texnologik hamkorlik olib borilmoqda. Qazib chiqarish loyihalari tijoriy samaradorligiga erishish uchun keng qamrovli yechimlarni yaratish, shuningdek, neft va gaz muhandisligi bozorida innovatsion ishlanmalar bo‘yicha ishlar amalga oshirmoqda. 

Joriy yilgi ishlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, GRDC ilmiy-texnologik markazi 556 ta geofizikaviy va kon-geofizikaviy tadqiqotlarni qayta talqin qildi. Sanoat energetika guruhi konlarining 63 ta uch o‘lchovli geologik-gidrodinamik modellarini ishlab chiqdi va qurdi. Uglevodorod qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha 850 ta geologik-texnik tadqiqotlarni amalga oshirdi. Shu bilan birga, 140 dan ziyod quduqni kompleks o‘rganib, qatlam suyuqliklarining 1500 ga yaqin chuqur namunalarini oldi. 

Bundan tashqari, markaz tomonidan sayoz quduqlarni burg‘ilash va Farg‘ona viloyatidagi 3 ta ishlatib bo‘lingan konlarda neft qazib olish darajasini oshirish usullarini qo‘llash orqali konlarni o‘zlashtirish darajasini yuksaltirish bo‘yicha konseptual takliflar ishlab chiqilgan. 

Ekspertlarning baholashicha, taklif etilayotgan chora-tadbirlar Sanoat energetika guruhining kunlik neft qazib chiqarish darajasini ikki baravar oshiradi. 2033 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 1600 tonnagacha oshadi. 

O‘tgan davrda markazning fizika-kimyo laboratoriyasi xodimlari tomonidan turli yo‘nalishlar bo‘yicha 2081 ta tadqiqot o‘tkazildi. Kompleks korroziya izlanishlari, neft, qatlam suvlari, gaz kondensati tahlillari, suyuqlik va gaz xromatografiyasi, elementar massa spektral tahlillari shular jumlasidandir. 

Shuningdek, neft-kimyoviy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda “GRDC -0421” turkumidagi 16 tonna korroziya ingibitori, “GRDC -0621” turkumidagi 8 tonna tuz qoldiqlari ingibitori chiqarildi. VNE “GRDC-0521RD” deemulgatori hamda ASPO “GRDC -0721RN” eritgichi ham ishlab chiqildi, sertifikatlandi va kon hamda laboratoriya sharoitida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. 

Ta’kidlash kerakki, markaz bilan hamkorlik bizning ilg‘or texnologiyalar va ilmiy yechimlar sari intilishimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa energetika sohasidagi maqsadlarimizga erishish kaliti deyish mumkin. Bugungi kunda markaz ilmiy-texnologik xizmatlarni mahalliy kompaniyalarga ko‘rsatish bilan bir qatorda, Qozog‘istonning chegara hududlarida yangi konlarni izlash bo‘yicha loyihalarni ham olib borayapti. 

Muassasaning texnik tajribasi hamda energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirgan holda xalqaro miqyosda olib borilayotgan samarali faoliyat uning keng imkoniyatlarga ega ekanidan dalolatdir. 

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi