Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yil Farg‘onada 30 ta qishloq va 8 ta mahallaning ichimlik va oqova suv tizimlari yaxshilanadi
09:23 / 2021-06-12

Suv hech bir muqobili bo‘lmagan resurs sifatida insoniyat hayotining muhim ustuni hisoblanadi, inson salomatligida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ammo bugun butun dunyoda toza ichimlik suvi tanqisligi muammosi insoniyat boshiga katta talofatlar olib kelayotgani sir emas.

Bu borada mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar va loyihalarni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish orqali shahar va tumanlarda, shu jumladan, eng olis qishloq joylarda suv ta’minoti holatini sezilarli darajada yaxshilash, aholi punktlarida sifatli va xavfsiz ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni qondirish choralari ko‘rilmoqda.

“Obod qishloq” va Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan olis qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, ularga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish maqsadida “Farg‘ona suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ham bir qator ishlar jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.

– Hududlarni obod manzilga aylantirish, aholiga har tomonlama qulay turmush sharoitlarini yaratish, xalqning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashiga erishish davlatimiz siyosatining eng ustuvor maqsadlaridan biridir, – deydi Farg‘ona viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sardorxon Sodiqxonov.– Ayniqsa, hududlarda aholini qiynayotgan toza ichimlik suvi muammosini hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada viloyatimizda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatimizdagi 30 ta qishloq va 8 ta mahallada ichimlik va oqova suv tizimlari yaxshilanadi. Buning uchun 303,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish, 56 ta quduq qurish va rekonstruksiya qilish, 58 dona suv nasosi va 42 dona suv minorasi o‘rnatish va rekonstruksiya qilish, 2 dona suv saqlash hovuzi qurish ko‘zda tutilgan. Bu ishlariga jami 92,9 milliard so‘m mablag‘lar sarflanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yillarga nisbatan qariyb 3 barobar ortiq degani.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2018 yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida 48 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan 215 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortilgan. 2019 yilgi dasturlar doirasida 17 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan 138 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilgi rejalar asosida qator tumanlarda amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, birgina Bag‘dod tumanining “Muruvvat” va “Karimbobo” qishloq fuqarolar yig‘inlari hududida “Obod qishloq” dasturiga asosan “Farg‘ona suv ta’minoti” MCHJ tomonidan 17,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortish, 3 dona suv qudug‘ini yangilash, 1 dona suv minorasini o‘rnatish, suv nasoslarini ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibidagi Guliston qishlog‘ida olib borilayotgan ishlar o‘z nihoyasiga yetsa, 700dan ortiq xonadon, 4 mingdan ziyod fuqaroning ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolari hal etiladi.

Darhaqiqat, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar olis qishloq hududlarining obodligida, odamlarning farovon hayotida o‘z aksini topmoqda. Obod bo‘layotgan manzillarda aholi o‘z hayotidan mamnun bo‘lib yashashi, shubhasiz.

Muhtarama Komilova, O‘zA