Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu yerda malakali mutaxassislar tayyorlanadi
16:35 / 2016-01-22

Yashnobod temir yo‘l kasb-hunar kolleji sohaga yosh kadrlarni yetishtirib berayotgan ta’lim maskanlaridan biridir.

Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotimizning asosiy qon tomiri hisoblangan temir yo‘l transporti tizimini izchil rivojlantirish, yangi yo‘llar barpo etish, sohani texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash, aholiga xavfsiz va kafolatli xizmat ko‘rsatish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Tarmoqning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy texnologiyalar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlanayotgani soha taraqqiyotida muhim omil bo‘lmoqda.

Yashnobod temir yo‘l kasb-hunar kolleji sohaga yosh kadrlarni yetishtirib berayotgan ta’lim maskanlaridan biridir.

O‘tgan yili kollejni 531 yigit-qiz tamomladi. Bitiruvchilarning aksariyati “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarga ishga joylashdi.

Kollej o‘quvchilari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi uchun Toshkent, Qo‘qon, Buxoro, Qo‘ng‘irot, Qarshi, Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzellari korxonalari hamda Toshkent mexanika zavodi, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”, “O‘ztemiryo‘lkonteyner”, “Yo‘lreftrans” aksiyadorlik jamiyatlari, “Yo‘l elektr-mexanik ustaxonalari” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Quyuv mexanika zavodi” sho‘ba korxonalari bilan shartnomalar imzolangan.

Kollej bitiruvchilari “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ta’lim va amaliyot uzviy olib borilayotgani zamonaviy bilim va ishlab chiqarish ko‘nikmasiga ega yosh mutaxassislar safining kengayishiga xizmat qilmoqda. “Kollej – korxona” tizimi asosida yoshlarning ish bilan ta’minlanayotgani ham korxona, ham kollej, ham o‘quvchi uchun foydali bo‘layotir.

– Metro bekatlarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish mening vazifam, – deydi Shahruza Jamatova. – Qariyb bir yildan buyon ishlayapman. Mehnatim tufayli o‘z oilamga foydam tegayotir. Yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.

Yashnobod temir yo‘l kasb-hunar kollejiga har yili besh yuzdan ortiq o‘quvchi qabul qilinadi. Bugungi kunda bilim maskanida sakkiz yo‘nalish bo‘yicha 1824 yigit-qiz tahsil olmoqda. Joriy yilda kollejni tamomlaydigan yigit-qizlar fevral-aprel oylarida korxona va tashkilotlarda o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotida qatnashadi.

Kollejda o‘quv korpusi, laboratoriyalar, ishlab chiqarish ustaxonalari, sport zali, kutubxona, oshxona, tibbiy bo‘lim mavjud. Multimediya, komputer va lingofon xonalari ishlab turibdi. Komputer xonalaridagi elektron doska va proyektorlar dars jarayonida o‘quvchilar uchun qulaylik yaratadi. Bu yerda tashkil etilgan axborot-resurs markazi yoshlarning bilim va kasb-hunar sirlarini puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

– Ta’lim maskanimizda zamon talablariga to‘la javob beradigan yosh kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi kollej direktorining o‘rinbosari Sahadmurod Xurramov. – Bugungi kunda zamonaviy transport vositalari tobora ko‘payayotgani sohada yetuk mutaxassislarga talabni oshirmoqda. Ta’lim sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish amaliyotining keng tatbiq etilayotgani ta’lim-tarbiya jarayonidagi islohotlar samaradorligini oshirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Kollejda o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun ko‘plab fan va sport to‘garaklari tashkil etilgan. Ilg‘or pedagogik tajribalarni amaliyotga keng joriy yetish, o‘quvchilarni yangi adabiyotlar bilan muntazam ta’minlash borasidagi ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

O‘quvchi maxsus fanlardan murakkab hodisalarni faqat bilish emas, balki samarali qo‘llay olishi, mustaqil fikrlashi, o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun tinimsiz izlanishi lozim. Kollej yoshlari mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan “Kasbim – faxrim” tanlovida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Jumladan, 2012-yili o‘tkazilgan tanlovning mamlakat bosqichida kollej vakillari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Bilim maskanida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Kamolot” YoIH tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida qator tadbirlar, uchrashuvlar muntazam o‘tkaziladi. Turli intellektual o‘yinlar o‘quvchilarning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.