Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu kunlar bizni yana-da hamjihat, yana-da tashabbuskor boʻlishga undaydi
13:13 / 2020-04-05

Qolaversa, karantin davrida yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlari bepul yetkazib beriladi.


Munosabat

Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat, koronavirus pandemiyasi tarqalishi barchamizni hamjihat va birdamlikka undamoqda. Eng muhimi, xalqimiz Prezidentimiz va hukumatimizning gʻamxoʻrligini, eʼtiborini yana-da chuqurroq his etmoqda.

Davlatimiz Rahbari uchinchi bor xalqimizga murojaat qildi. Aniqroq aytganda, 3-aprel kuni Prezidentimiz raisligida koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishini oʻtkazildi. Unda Yurtboshimiz iqtisodiyotni, tadbirkorlar manfaatini himoya qiluvchi muhim farmonga imzo chekdi. “Qanchalik murakkab boʻlmasin, byudjetdan katta xarajatlarni talab etmasin, qoʻshimcha choralarni koʻrishga qaror qildim”, dedi Prezidentimiz va koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat tomonidan barcha choralar koʻrilayotgani, har bir oʻzbekistonlik, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishi kerakligini taʼkidladi.

“Xalqimiz oʻz tarixida qanday ogʻir tabiiy ofatlarni koʻrgan boʻlmasin, qodir Allohning marhamati bilan, oʻzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʻtgan”, dedi Davlatimiz rahbari. Bu soʻzlarni eshitgan barcha yurtdoshlarimiz qalbida oʻzaro ahillik, birdamlik, mehr-saxovat hislari yana-da kuchaygani, shubhasiz.

Darvoqe, yuqoridagi farmonga koʻra, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni toʻlash uchun qoʻshimcha murojaat va hujjatlar talab qilinmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham xuddi shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi. Bundan tashqari, bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarni qamrab olish koʻzda tutilgan. Qolaversa, karantin davrida yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlari bepul yetkazib beriladi.

Karantin vaqtida faoliyatini toʻxtatgan YATTlarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliq hisoblanishi toʻxtatiladi. Tushumi oʻtgan oyga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer, mulk, ijtimoiy soliq va suv soligʻini toʻlash muddati 1-oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi endi krediti 28 foizgacha boʻlganda ham uning 12 foizini qoplaydi. Tadbirkorlarning 3 trillion soʻmlik kreditlari foizini qoplashga jamgʻarmadan qoʻshimcha 400 milliard soʻm ajratiladi. Jamgʻarma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi boʻyicha cheklovi ham endi bekor qilinadi. Oʻzini koʻrsatgan yaxshi tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamgʻarma kafillik beradi. Qiyin ahvoldagi korxonalar, YATT va aholining 12 trillion soʻmlik kredit muddati uzaytiriladi. Yil oxirigacha un, oʻsimlik yogʻi, goʻsht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy isteʼmol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz soligʻi undirilmaydi. Karantinda uy sharoitida faoliyat yuritishi mumkin boʻlgan tadbirkorlarga 50 million dollar ajratiladi.

Oʻylaymizki, bularning barchasi ogʻir kunlarni tezroq yengib oʻtishimizga yordam beradi. Iqtisodiyotimizni tez orada yana avvalgidek ravnaq topishiga, pandemiya ogʻir asoratlarni keltirib chiqarmasligiga zamin yaratadi.

Bugun bizdan talab etiladigani – karantin talablariga qatʼiy rioya etish, hukumat tomonidan qabul qilinayotgan muhim hujjatlar ijrosini toʻlaqonli taʼminlanishiga hissa qoʻshishdan iborat.

Nosirbek ABDULLAXANOV,
Oliy Majlis Senatining
Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.