Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu bog‘lar, hali bir bog‘lar bo‘lgayki…
18:08 / 2022-08-30

Biz – ertak-afsonalarni o‘qib, ulg‘aygan avlod, afsonalarda g‘oyibdan go‘zal qasrlar, shaharlar paydo bo‘lib qolishiga ishonib, hayratlarga cho‘mgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan.

Ertak, ertak edi, albatta. Ammo Samarqandda bunyod etilgan «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazini ko‘rganimizdan keyin bolalik tasavvurlarimizni sehrlagan ertaklar haqiqatga aylanib ketgandek bo‘ldi go‘yo!

Bor-yo‘g‘i ikki-uch yilda qurilgan betimsol obidalar jamlanmasi, rostini aytsam, afsona-ertaklarni ham lol qoldirgudek maftunkor va salobatli ediki, bu yerga kelganlar beixtiyor «Samarqand endi chinakamiga «Yer yuzining sayqali»ga aylanibdi», deya ehtirosga ko‘milganlariga sira ajablanmasa ham bo‘lardi.

Jahon arxitekturasi va muhandisligining o‘xshashi yo‘q uslub-u maqomlari asosida qurilgan mehmonxonalar, xalqaro kongress markazi, afsonaviy «Boqiy shahar», yuksaklarga intilayotgan xalqimizning orzu-umidlari timsoli bo‘lmish baland minor, ekoqishloq, restoranlar, barlar, amfiteatr, majlislar zallari, basseynlar, fitnes zallari, sokin ko‘lda ohista chayqalib turgan kema…

O‘n-o‘n besh keksa majmua hovlisida gurunglashib turibmiz. Marosimning boshlanishiga hali bir muddat bor. Hammaning yuzida tabassum, ҳая­jon; hamma qalbida to‘lqinlanib yotgan daryo-daryo taassurotlarni bir-biriga aytgisi, aytib-aytib maqtangisi keladi. Cho‘ponota tepalari osha esayotgan kechki nimsalqin shabada maysalar va нав­ниҳол ko‘chatlar yaprog‘ini erkalaydi, silaydi. Tillaridan shukronalik tushmaydigan kap-katta kishilarning yosh boladek bir-biriga gap bermay to‘lqinlanishlari zavqingni toshiradi.

– Samarqandlik birodarlar! – xitob qiladi Toshkent shahar nuroniylar kengashi rahbari Рuс­taм Kalonov. – «Boqiy shahar» darvozasiga isiriqmi, ko‘zmunchoqmi ilib qo‘ymasangiz bo‘lmaydi. Xuddiki, mamlakatimizning barcha hududlari shu yerda jamuljam bo‘lganday. Bunday ulug‘ joy jahonda yo‘q. Avaylab-asrash zarur bu muqaddas maskanni.

– Davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosatning yana bir yutug‘i bu! – toshkentlik mehmonning ­fikrini quvvatlaydi jomboylik «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi Gulnora Ahmedova. – Ko‘z tegmasin, diyorimiz oy sayin emas, kun sayin, soat sayin har jihatdan ulg‘ayib boryapti.

– Bir yil avval tumanimizda bo‘lgan kishi, bugun uni tanimaydi, – shosha-pisha davom etadi narpaylik O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor Zaynab Haydarova. – Chiroyli uylar, ravon yo‘llar, maktablar, bog‘chalar…

– Zo‘r mamnuniyat bilan aytish kerakki, ushbu teran, falsafiy g‘oya muallifi, koshonaning me’mori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bo‘ladilar, – deya izohlaydi senator Farmon Toshev. – Prezidentimiz 2019 yilda mazkur markazni bunyod etish g‘oyasini ko‘tarib chiqqan edilar. Shundan so‘ng ishlar boshlanib ketdi. Dastavval mahalliy va xorijlik mutaxassislar hamkorligida loyiha yaratildi.

Qurilish davrida ham davlatimiz rahbari har gal Samarqandga kelganida bu yerda bo‘lib, jarayonni kuzatdi. Qurilish yilning to‘rt faslida, tun-u kun, hatto, pandemiya paytida ham davom etdi. Endi respublika, Markaziy Osiyo va xalqaro anjumanlarga, festivallar, bayramlarga mezbon bo‘ladi bu mo‘’tabar maskan. Yana bir necha kundan so‘ng SHHT sammiti, undan keyin Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi, kelgusi yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvi Kengashining yillik yig‘ilishi hamda Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. «Boqiy shahar» yurtimizda tinchlik, totuvlik, madaniyat, san’at, boringki, jamiki ezgulikliklarni namoyish etuvchi mo‘’tabar minbarga aylanadi.

– Bizdayam o‘zgarishlar zo‘r! – suhbatga qo‘shiladi Urgut tumani Nuroniylar kengashi raisi Farmon Azizov. – Oddiy ignadan tugmagacha chetdan olib kelgan urgutliklarimiz bugun ming xildan ziyod sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishyapti! Janubiy Koreya 20 yil ichida eng sanoatlashgan davlatga aylangan ekan. Biz keyingi besh-olti yilda ana shunday yutuqlarni qo‘lga kirityapmiz…

Tug‘ilib o‘sgan, beg‘ubor bolaligi o‘tgan joylar tilga olinganda bir qalqib ketmaydigan yurak bo‘lmasa kerak. Farmon aka Urgut deganida, poda o‘tgan chang-tuproq ko‘chalar, paxsa devorli pastak uylar tomlarida gullab yotgan qizg‘aldoqlar ko‘z oldimdan o‘tdi; tog‘lardan enib kelayotgan ariqlardagi suvning sehrli jildirashi qulog‘im ostida nafis jaranglab turganday tuyuldi.

Yaqinlargachayam qishlog‘imiz bilan tuman markazi orasidagi 15-20 chaqirimli toshloq yo‘l yoz bo‘yi changib-to‘zib yotardi. Bir tup qayrag‘ochdan bo‘lak chaylayam uchramas, daydi shamollar gir-tevarakda qurigan shuvoqlarni koptokdek u yoqdan bu yoqqa dumalatib yurardi.

Endi-chi? Keta-ketguncha imorat. To‘qqiz, o‘n ikki qavatli uylar, dovrug‘i tog‘lardan oshgan Jahon bozori, kollej, sport maydonchalari, Urgut iqtisodiy zonasini tashkil etuvchi sanoat korxonalari…

2

Shu mahal ulug‘vor majmuaga O‘zbekiston Респuб­ликаси Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev kirib keldi. Davlat rahbarining sokin, salobatli qiyofasida har doimgidek shiddat-shijoat akslanadi. Shohona majmua – majmua muallifiga ayricha quvonch bag‘ishlagani seziladi.

Beixtiyor o‘ylab qolasan: odam qachon mana shunday farahbaxsh damlarni boshdan kechirishi mumkin? Ezgu orzulari ushalib, gullagan va mevalar tuga boshlagandami? Ishingdan o‘zing, do‘st-u birodarlaring, ovuldosh-eldoshlaring mamnun bo‘lganida yoki senga ishonch bildirib, umidvor nigohlarini qadab turgan mehnatkash va mehribon xalqingning sevinchlarini ko‘rganingdami? Kim bilsin, Amir Temir hazratlari Oq saroyni bino qilganida, Mirzo Ulug‘bek tarixiy rasadxonani ishga tushirganda, Yalangto‘shbiy Bahodirxon Sherdorni, Boburiy shoh – Shoh Jahon Jamna daryosi bo‘yida Tojmahalni qurganda balki ana shunday baxtiyor lahzalarga hamroh bo‘lgandir…

Prezident nuroniylar bilan salomlashish jarayonidayoq ko‘nglidagi quvonch-u armonlarini oshkora bayon qilib berdi:

– Viloyat hokimi bo‘lgan vaqtimda qadam-baqadam kezib chiqqandim bu joylarni. Konigil deyiladigan bu manzil Samarqandning shunday biqinida, havosi toza, atrofi keng, shaharmi, qishloqmi – nima xohlasang, o‘zing istagandek qurishing mumkin. Lekin u paytlarda imkonimiz yo‘q, qo‘limiz kalta edi. Shahar u yoqda tursin, bitta maktab… – Prezident shunday deb ilkis Gulnora Ahmedovaga yuzlandi. – Esingizdami, maktabingizga shifer olish qanchalar qiyin bo‘luvdi? Bularning maktabi eng chekka қиш­лоқda, eshaklarga minib borganmiz, – davom etdi davlatimiz rahbari. – Bordik. Ko‘rdik. Ahvol yig‘lamoqdan battar. Somonsuvoq tomdan chakka o‘tib ketgan, sinfxonalar zax…

– Menga ham juda katta yordam bergansiz, – deya Prezidentning so‘zlarini ilib ketdi Zaynab Haydarova. – Paxta dalamizga kelganingizda shalog‘i chiqqan traktorimni ko‘rib, ichingiz achib, sizga yangisini olib beramiz, dedingiz. Lekin, рос­тини aytaman, so‘zlaringizga uncha ishonmaganman o‘shanda. Chunki bunaqa va’dalar boshqa rahbarlar tomonidan ham bir necha marta aytiluvdi-da. Uch kundan keyin dalamizga qip-qizil, yap-yangi traktor kirib kelgan.

– Eshturdi, siz televizorda doim baland ovozlarda gapirasiz? Sababi bormi?

Nurobodning Jom qishlog‘ilik oqsoqol Eshturdi Rahimovning javobi til uchida tayyor turgan ekan:

– Siz tep-tekis ko‘chalar qurib berganingizdan keyin men baland gapirmay, kim gapirsin hurmatli Shavkat Miromonovich! – samimiy javob davrada beg‘ubor kulgiga sabab bo‘ldi. – Hurmatli Prezident, Sizning topshirig‘ingiz bilan qariyb yigirma chaqirim o‘ydim-chuqur yo‘limizga asfalt to‘shaldi. Yosh-u qari, yetti yoshdan yetmish yoshgacha – hamma duoda.

– Orqada qolgan har bir iz – tarix. Erishganlarimiz endi o‘zimizning abadiy mulkimiz bo‘lib qoladi, – dedi Eshturdi aka gapirayotganda unga tikilib so‘zlarini tinglab turgan Prezident qanoatlanib va mo‘’jazgina kulimsirab. – Qiladigan ishlarimiz hali juda ko‘p. Eng muhimi, tinchlik. Dunyo simobday qalqib turganda ortiqcha birgina harakat, boshboshdoqlik, manmanlik, kibr-u havo tumani bugun bizga qimmatga tushishi mumkin, buni hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Lekin qanday tahlikalar bo‘lmasin, xalqimizni rozi qilishimiz, Vatanimizni eng rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shishimiz zarur. Sohibqiron bobomiz Amir Temur buyuk davlatga asos solgan edi. Davrlar o‘tib, Xudo xohlasa, mana, biz tag‘in jonajon o‘zbek diyorimizda qudratli davlat bunyod etyapmiz.

3

Teatrga joylashib ulgurmasimizdan davlat rahbari shaxdam odimlar bilan minbarga chiqib keldi.

Ochiq osmon ostidagi tomoshagohni bir zum suv quygandek jimlik qopladi, so‘ng davlat rahbarining zabardast ovozi yangradi:

«Assalomu alaykum, hurmatli Samarqand ahli!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun siz, azizlar bilan barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Samarqandning yangi qiyofasini belgilab beradigan muhtasham маж­мuа – «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida uchrashib turganimdan xursandman».

Prezident 212 gektar maydonni egallagan turizm markazi tarixi, qurilishi, ahamiyati haqida so‘zlayotganida, majmuada ko‘rganlarim: 8 ta zamonaviy mehmonxona, kongress xoll, go‘zal majlislar zallari, madaniy, gastronomik, tibbiy, ishbilarmonlik, turizm ob’ektlari, sharqona choyxonalar, savdo rastalari, dam olish dargohlari, suv havzalari, 60 metr balandlikka suv sachratuvchi favvora, minglab manzarali daraxtlari shamolda sollanib turgan zangor bog‘, gullarga burkangan xiyobonlar ko‘z oldimda qayta jonlandi.

Birgina «Samarkand Regency Amir Temur» mehmonxonasining o‘zida 233 ta xona mavjud. 22 qavatdan iborat, besh yulduzli bu mehmonxona jahonning yetakchi mehmonxonalari assotsiatsiyasiga kiritilgan Markaziy Osiyodagi birinchi va yagona mehmonxona hisoblanadi. Kongress markazi esa bir paytning o‘zida 3500 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Karvonsaroyni aylangan kishi xuddi ertak-afsonalar olamiga tushib qolgandek sezadi o‘zini. Unda sharqona qadimiy bozor, O‘zbekistonning barcha viloyatlariga xos hunarmandlik ustaxonalari qurilgan. Amaliy san’at ustalari, rassomlar, kulollar, temirchilar, Samarqand qog‘ozini tayyorlovchilar, gilam to‘quvchilar, zargar va ipakchilarga ajratilgan xonalarning barchasi kerakli uskunalar bilan jihozlangan. Ular shu yerda sayyohlarga ajdodlarimiz tomonidan necha-necha asrlar davomida mangu meros sifatida saqlab kelingan va bugungi kunda ham avlodlarimiz davom ettirayotgan xalq amaliy san’ati durdonalarini namoyish etadilar.

Tarix va kelajak, G‘arbu Sharq chorrahasidagi g‘aroyib mo‘’jizaga aylanguvchi bu maskanning yana bir ibratli jihati shundaki, u mamlakatning turizm salohiyati yuksalishida, xususan, Samarqand­­ga keluvchi sayyohlar sonini kelgusi yillarda 1,5 milliondan oshirish, mamlakatimizga tashrif buyuruvchilar safini esa 2 milliondan 9 millionga ko‘paytirish hamda sohada mehnat qiluvchilar sonini 500 mingga yetkazishda muhim bo‘g‘in vazifasini ado etadi.

Azal-azaldan ilm-u fan, madaniyat va ma’rifat qo‘rg‘oni sanalgan Samarqandning barcha ko‘chalarida, mahalla-guzarlarida, tuman va qishloqlarida ham bugun hayratomuz ishlar amalga oshirilmoqda.

Ochiq kitob – ochiq qalb shaklida, Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Ko‘ragoniy» asari muqoyasida barpo etilgan Samarqand xalqaro aeroporti tamomila boshqatdan qurib, ishga tushirildi. Bir kunda 70 ta samolyotga xizmat qiladigan tayyoragoh kelajakda 120 ta uchoqni bemalol kutib-kuzatib qo‘yaveradi.

Endi mana bu raqamlarga e’tibor beraylik: so‘nggi yillarda 1083 kilometrga cho‘zilgan «Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz» magistral avtomobil yo‘lida yangi yo‘l o‘tkazgichlar qurildi. Shaharning bir qancha ko‘chalari kesishgan nuqtalarda yerosti yo‘llari barpo etildi. «Qorasuv» massividagi 100 ming kishi yashaydigan ko‘p qavatli uylarga, «Yangi O‘zbekiston» massividagi 1294 kvartirali 36 ta ko‘p qavatli imoratga aholi ko‘chib kirdi. Vohada yana 4420 ta xonadondan iborat 90 ta ko‘p qavatli uy qad rostlayotir. Maktab, maktabgacha ta’lim va oliy o‘quv yurtlari sohasida esa joriy yilning shu kunigacha 193 ta ob’ekt qurildi va ta’mirlandi. «Obod qishloq» dasturi doirasida 28 ta qishloq obodonlashtirildi. Yana 32 ta qishloq va mahallalar aholisi uchun 382,6 kilometr uzunlikda suv tarmoqlari tortilib, 185 kilometrlik yo‘llar asfaltlanmoqda. Pastdarg‘omda o‘tgan yili ikkita sement zavodi ishga tushirilgan edi. Hademay kuniga 500 tonna sement ishlab chiqaradigan yana bir zavod foydalanishga topshiriladi. Jomboyliklar intensiv bog‘lardan, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari esa olimlar bilan hamkorlikda farmatsevtika sanoati mahsulotlaridan katta-katta daromadlar olishmoqda.

Bunyodkorliklar barobarida ko‘plab qadimiy obidalar, madrasayu masjidlar, xonaqohu maqbaralar, minorayu boshqa noyob arxitektura yodgorliklari, jumladan, Registon, Shohi Zinda, Amir Temur, Bibixonim, Xoja Doniyol, Ruhobod, Hazrati Xizr, Rasadxona, Dahbed, Nodir devonbegi, Xo‘ja Ahror Valiy, Moturidiy maqbarasi tarixiy qiyofasiga uyg‘un ravishda qayta ta’mirlandi, islom olamining tabarruk ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan mo‘’tabar qadamjo – Imom Buxoriy majmuasi yangidan bunyod etilayotir.

Prezident ma’ruzasida «Boqiy shahar» binolari bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi taс­вирлариdaн foydalanilgani, xususan, Afrosiyob nomi tilga olinganda, xayollar meni yana olis-olislarga olib ketdi. Necha ming yillar naridagi jangu jadallar, uchqur otlarning jon holatda kishnashlari, qilichbozu nayzabozlarning dahshatli hayqiriqlari quloqlarim ostida eshitilgandek bo‘ldi.

Ana, turk elining bosh Alpi, alplarning sardori Alp Er To‘nga – Afrosiyob. Turon davlatchiligi poydevoriga asos solgan, davlat arbobi va mohir sarkarda, yo‘lbars kabi kuchli bahodir Alp Er To‘ngani biz uzoq yillar bir ertak qahramoni – afsonaviy shaxs deb yurdik. Vaholanki, qomusiy olim va buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy, uzoq zamonlarda yashab o‘tgan bobokalonlarimiz Yusuf Xos Hojib va Mahmud Qoshg‘ariy o‘z asarlarida Alp Er To‘ngani tarixiy shaxs sifatida taс­вирлаgaнлар. Afrosiyob davrida Turon davlatining hududlari G‘arbda Qora dengiz sohillaridan sharqda to Baykalgacha, shimolda Ural daryosi va Tayganing qalin o‘rmonlarigacha, janubi-sharqda Shimoliy Xitoy va janubi-g‘arbda Sharqiy Eron hududlarigacha cho‘zilib ketgan edi.

Turonzamindagi jamiki turkiy xalqlarni bir davlat qilib birlashtirgan ulug‘ sarkardani Eron shohi Kayxusrav ziyofat paytida mayga zahar qo‘shib berib o‘ldiradi. Alp Er To‘nga ishonuvchanligi va soddadilligi uchun dushmanlarning makr-hiylasi qurboni bo‘ladi. Xoqonning uxlab yotgan lashkarboshilari ham tig‘dan o‘tkaziladi. Bu ne kuybatki, soddalik, samimiyat va ishonuvchanlik turk eliga tug‘ma odat bo‘lgan ekan-da…

Mana shu gaplardan keyin necha yuz yillar o‘tib ketganiga qaramay, buyuk alp – Alp Er To‘nga – Afrosiyobni afsonaviy qahramon degan bo‘htonga ishonuvchi olimlarimiz haligacha bor…

Amfiteatrda O‘zbekiston Prezidentining xitobi mag‘rur jarangladi:

– Azim Samarqandimiz, jonajon O‘zbekistonimiz dunyo turguncha tursin!

Barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan tanti va mehnatkash xalqimiz doimo omon bo‘lsin!.

Bayram tantanalari «Boqiy shahar dostoni» deb atalguvchi musiqali kompozitsiya bilan davom etdi.

Vatanimiz yalovi butun dunyo uzra hilpirab turganiga 31 yil to‘lishi arafasida Samarqandning «Buyuk Ipak yo‘li» majmuasidan taralgan navolar tongga dovur baland tog‘lar osha olis-olislarda aks-sado berib turdi.

4

Samarqandlik bo‘lganim bois, men majmua o‘rni yaqin-yaqingacha qanday ko‘rinishda bo‘lganini yaxshi bilaman. Toshloq joyda mana bunday afsonaviy shaharning barpo etilishi Yangi Ўзбекис­toн nimalarga qodir ekanini jahonga baralla ­aytdi, ko‘rsatdi. Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyevning mehnati, tafakkuri, ijodiy izlanishlari tufayli dunyoga kelgan bu markazni, badiiy tashbehga o‘rab aytadigan bo‘lsak, bir muhtasham boqqa qiyoslash mumkin. Amir Temur zamonidagi Samarqand bog‘lari oradan salkam 600 yil o‘tib yana jamol ko‘rsata boshladi.

Aql dahosining bus-butun jamul-jami, samoviy manzaralar, javohirotlar maskani bo‘lmish bu bog‘larda:

bo‘g‘zida armonlari toshdek qotib qolgan ajdodlarning azobli hayqiriqlari;

buyuk bobolarimizning mozor toshlarigacha o‘marib ketgan sur qaroqchilar ortidan mung‘ayib qarab qolgan darg‘azab nigohlar;

ming-ming yillik ashyolarning sokin va sirli suhbatlari;

oqsoqollarning duolari-yu, yosh avlodning yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchli na’ralari mujassam.

Bunday bog‘lar hamma viloyatlarda bunyod etiladi.

Shig‘il-shig‘il mevalari bilan yeru samoni maftun qiladi hali bu bog‘lar.

Bu bog‘larning bog‘boni sohibqiron bobomiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Yalangto‘shbiy Bahodirxon singari Vatan tarixida, millat qalbida abadiy ardoqlarga, mangu duolarga ko‘miladi. Bog‘-u bog‘bon haqida qasidayu dostonlar bitiladi. Sultoniya, Bag‘dod, Qohira, Sheroz, Damashq deyilmish nuroniy Sharqning oqsoqol kentlari, ahli olam qulluq bo‘lsinga keladi. Bu bog‘lar shu qadar mumtozu kabirki, agar mo‘’jiza ro‘y berib, Amir Temur hazratlari zamonamizga kelib qolgudek bo‘lsalar, hech shubhasiz, hayratu hayajon ila, tasanno, degan bo‘lar edilar…

Yangi O‘zbekistonimizning Uchinchi Renessans sari tashlagan yana bir qadamining yorqin nishonasi, ko‘ngillarni g‘urur, faxr-u iftixor havolariga to‘ldirguvchi muhtasham bog‘lar abadiy yashnab, gurkirayveradi!

Bir she’rda aytilganidek, bu bog‘lar hali bir bog‘lar bo‘lgayki…

 

Abdusaid KO‘CHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan

yoshlar murabbiysi