Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bu bog‘dagi har bir giyoh, har bir timsol xalqimizning qahramonligidan hikoya qiladi
16:27 / 2025-05-22

Millat fidoyilari

Toshkentda shunday bog‘ bor-ki, unda o‘tmish bilan yuzlashciz. Bobolarning g‘ayrati, momolarning matonati namoyon bo‘ladi bu maskanda. Mard va qahramon o‘g‘lonlarning Vatan uchun deya hayqirayotgani quloqqa chalinadi.

G‘oliblik va g‘am-g‘ussa qorishib ketadi. Vizillab uchgan daydi o‘q, duch kelgan narsani yanchib o‘tayotgan tank, front uchun dalada mehnat qilayotgan qizlar, janggohlardan farzandining qaytishini kutgancha uzoqlarga ko‘z tikkan ona... Jimgina shovqin soladi bu bog‘, jimgina bugungi avlod bilan suhbat qiladi bu maskan.

Ha, poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘i mana shunday o‘ziga xos joy. Majmuadagi har bir ekspozitsiya, timsol va bitiklar mudhish urush haqiqatlarini ifoda etadi. 

– Yaqinda majmuamizga “Xotira nuri” kompozitsiyasi o‘rnatildi, – deydi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi boshlig‘i, podpolkovnik Shuhrat Yusupov. – U Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan o‘zbekistonlik qahramonlar xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. Monument parvoz qilayotgan ikki qush shaklida bo‘lib, katta va yosh avlodlar o‘rtasidagi vorisiylikni ifodalaydi. Shuningdek, bog‘imizda davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida “Millat fidoyilari” xiyoboni ham tashkil etildi. Bu maskan mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan. Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham o‘taydi. Ularning yon taraflariga to‘rtta kam ikki yuz nafar qahramon nomi zarhal harflar bilan yozilgan. 

[gallery-23476]

Bu bitiklarning har biri qahramonlar haqida hikoya qiladi. Ular shunchaki ism va familiya emas, ular Vatanni aslida qanday sevish kerakligini ko‘rsatgan o‘g‘lonlar. Ibrat maktablarini yaratib ketgan mardlar. 

Yulduzlarga o‘rnatilgan monitorlar millat fidoyilari to‘g‘risida ma’lumotlarni foto va videolar orqali namoyish etib turibdi. Qahramonlar bolaligi, orzulari, ishi va oilasi ko‘z oldimizda jonlanadi.

Darhaqiqat, yarim oy mo‘’jaz amfiteatr shaklida xiyobonga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Uning tepasidan poklik ramzi – suv oqib turadi. Oyning orqa tarafidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi badiiy g‘oyaga yakun yasagan. Uning markazida farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi gavdalantirilgan. Ikki yonida turli yo‘nalishlarda Vatan himoyasiga bel bog‘lagan xizmatchilari aks ettirilgan.

Davlatimiz rahbari millat fidoyilari tug‘ilgan tumanlarda xotira tadbirlari o‘tkazish, ularning mardligini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish, qahramonliklari haqida asarlar yozish zarurligi ta’kidladi.

Ezgu amal va yaxshi tashabbusning qanoti bo‘ladi deyishadi. Bugun bu maskan har doimgidan ham gavjum. 

Bu yer odamlar uchun o‘ziga xos vatanparvarlik, tinchliksevarlik maktabi sanaladi. Bog‘da uch avlod uchrashuvlari, xotira tadbirlari, tarix darslarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. 

Ta’lim muassasalari, ijodiy jamoalar, umuman, keng jamoatchilik vakillari shu yerda. Shoir va yozuvchilar o‘z qahramonlari – millat fidoyilarini shunchaki tasavvur qilmay ular bilan yuzma-yuz bo‘lmoqda go‘yo. Xiyobonda kelgan ilhom, shu yerda tug‘ilgan fikrlar katta-katta asarlarga ko‘chishi shubhasiz.

Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA muxbirlari

QUYIDA MAVZUGA MOS MAQOLALAR HAVOLA ETILADI

Yurt osoyishtaligi uchun ko‘ksini qalqon qilgan o‘g‘lon 

Bu manzilda tinchligimiz yo‘lida jon fido qilganlarning ovozi bor

Qahramonlar o‘lmaydi, mard o‘g‘lonlar hayotida qayta-qayta yuz ko‘rsataveradi 

G‘alaba bog‘ida tug‘iladigan savollar ko‘p, javob bitta... (+video)

Yurt osoyishtaligi yo‘lida jonini ayamagan o‘g‘lonlar nomi o‘chmagay