French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bryusselda “Qambarota GES-1” loyihasi bo‘yicha navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi
15:21 / 2025-09-28

Kuni kecha Belgiya poytaxti Bryussel shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlari ishtirokida “Qambarota GES-1 qurilishi” loyihasi bo‘yicha uchinchi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Jahon banki vakillari hamda loyiha doirasida tuzilgan Donorlar kengashi a’zolari ham qatnashdi. Tadbir Jahon bankining ko‘magida tashkil etildi. Ta’kidlash joizki, 2024 yil 6 iyunda Jahon banki boshchiligida Donorlarni muvofiqlashtirish kengashi tuzilgan bo‘lib, unga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB), Italiyaning “Cassa Depositi e Prestiti S.p.A.”, OPEC Xalqaro rivojlanish jamg‘armasi, Yevropa investitsiya banki va Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya tashkilotlari kiradi.

Uchrashuvda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, uning atrof-muhitga ta’siri va ijtimoiy jihatlari, amalga oshirish mexanizmlari hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2025 yil oktyabr va noyabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi uchrashuv masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Loyiha doirasida 5,4 milliard metr kub suv sig‘imiga ega suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Bu stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Ishtirokchilar loyihani Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va hamkorlikni mustahkamlash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishning muhim qismi sifatida e’tirof etdi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro moliya tashkilotlari bilan loyihani moliyalashtirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha bir qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Ular orasida Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, YeTTB, OIIB, OTB va OPEC jamg‘armasi kabi tashkilotlar bor.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, “Qambarota GES-1” loyihasi bo‘yicha birinchi uchrashuv 2024 yil 27 yanvar kuni Toshkentda, ikkinchisi esa 26-27 may kunlari Dubayda bo‘lib o‘tgan edi. Dubaydagi uchrashuvda uch davlat vazirlari o‘rtasida bayonnoma imzolangan bo‘lib, bu loyihani amalga oshirishda muhim qadamdir.

Uch tomonlama uchrashuv yakuniga ko‘ra, birgalikdagi keyingi rejalar va loyihani tayyorlash muddatlari yuzasidan kelishuvga erishildi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA