French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Brokkoli – daromad manbai
16:00 / 2025-07-24

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi “G‘oliblar” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining tomorqadan samarali foydalanish imkoniyatlari yanada kengayib borayapti.

Tajribali dehqonlarning tashabbusi bilan bugungi kunda mahallada brokkolini yetishtirish orqali yangi tadbirkorlik yo‘nalishi tobora shakllanib, aholi daromadini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qilayotir.

Brokkoli – karamning bir turi bo‘lib, vitaminu minerallarga boy, parhezbop va foydali sabzavot hisoblanadi. Uning tarkibida A, B, C, K vitaminlar guruhi, temir, kaliy, kalsiy, kletchatka kabi biologik terminlar mavjud. Immunitetni mustahkamlaydi, hazm tizimini yaxshilaydi va organizmni xolesterindan tozalashga yordam beradi.

Agrotexnik jihatdan brokkoli tezpishar sabzavot bo‘lib, 60–80 kunda hosilga kiradi. Ushbu mahsulotdan gektariga o‘rtacha 15–20 tonnagacha hosil olish mumkin. Ushbu sabzavotga bozorda talab yuqori bo‘lgani sababli dehqonlar uchun daromadli ekin hisoblanadi.

Brokkoli ekinining yuqori hosildorligi evaziga arnasoylik yosh dehqonlar bu mahsulotni daromadli yo‘nalish sifatida tanlamoqda. 

Ayni paytda, “G‘oliblar” MFY dagi fuqarolar o‘z tomorqalarida brokkoli ekib, bir vaqtning o‘zida ichki bozor va yaqin hududlarga mahsulot yetkazib bermoqdalar.

Ta’kidlash joizki, dehqonlar o‘rtasida tajriba almashish, agrotexnik yordam ko‘rsatish, ko‘chat parvarishi va sug‘orish masalalarida hamjihatlikda ish olib borilmoqda. Bu esa mahallada hamkorlik va mas’uliyat hissini yanada mustahkamlayotir.

Arnasoy tumani yoshlarining ham bu brokkoliga qiziqishlari ortib borayotgani e’tiborga loyiq. Brokkoli yetishtirish orqali tadbirkorlikning yangi modeli shakllanib, tomorqalarni daromad manbaiga aylantirishning samarali yo‘li yanada keng ochilayotganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz.

Shu bilan birga, tumandagi “Bo‘ston” MFY da ham g‘olibliklar tajribasiga hokim yordamchilari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Uyma-uy yurish orqali tomorqachilik, resurslardan oqilona foydalanish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.

Maqsad aniq: har bir xonadon o‘z imkoniyatini ishga solgan holda daromadli faoliyatga ega bo‘lishi kerak. G‘oliblar mahallasida brokkoli yetishtirish bu maqsad sari tashlangan muhim qadamdir.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri