Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BRMga erishish jarayonini kuzatish imkonini beruvchi maxsus platforma yaratilishi mumkin
10:09 / 2023-07-06

Dunyodagi qariyb barcha davlatlar parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo ittifoq anjumanida shunday taklif ilgari surildi.

Parlamentlararo ittifoq tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini oshirish: BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini amalga oshirish” mavzusida xalqaro vebinar o‘tkazildi.  

BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva videomurojaat bilan ishtirok etdi.  

Vebinarda O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi  rezolyutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z bordi. Unda BRMni amalga oshirishda milliy parlamentlarning yetakchi roli tan olingan. 2030 yilga qadar global kun tartibini to‘liq amalga oshirish uchun hukumatlar va parlamentlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘zda tutilgan.  

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Salsia Alisjabana, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Olga Algayerova, ushbu tashkilotning Barqaror energiya bo‘limi direktori Dario Ligutti, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqdi.  

– 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari kun tartibini amalga oshirishda parlamentlarning muhim rolini ta’kidlaydigan hujjat tarixda birinchi marta qabul qilindi, – dedi T.Norboyeva o‘z videomurojaatida. – Rezolyutsiyada a’zo davlatlar 13 yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishga chaqirildi. Hujjatda qonunchilik, nazorat va vakillik funksiyalariga ega bo‘lgan milliy parlamentlarga alohida o‘rin ajratilgan. Aynan ular iqtisodiyot rivojini rag‘batlantirish, ijtimoiy siyosatni samarali amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatish, “hech kimni ortda qoldirmasdan” yuqori sifatli tibbiy xizmat va ta’lim olish imkoniyatini ta’minlashi mumkin.  Umuman olganda, Rezolyutsiya jahon parlamentlari uchun o‘ziga xos qo‘llanma bo‘lib, milliy ko‘rsatkichlar ijrosini monitoring qilishda o‘z sa’y-harakatlarini safarbar etish imkonini beradi.  

Senat Raisi mamlakatlarni BRMni yanada samarali amalga oshirish, monitoring qilish va baholashga xizmat qiladigan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishga chaqirdi.  

Tadbirning barcha ishtirokchilari 2030 yilgacha bo‘lgan global kun tartibini to‘liq amalga oshirishni jadallashtirish uchun parlamentlar va hukumatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, zarur choralarni ko‘rish va mablag‘lardan foydalanish lozimligi to‘g‘risida yakdil fikrga keldi.  

Tadbir yakunida ishtirokchilar  mamlakatlar parlamentlarida milliy BRMga erishish jarayonini kuzatish imkonini beruvchi maxsus platforma yaratish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Milliy BRMni amalga oshirish bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha parlamentlar ishini faollashtirish, BRM tadbirlarini amalga oshirish uchun byudjetni shakllantirish va taqsimlashda parlamentning roli va ishtirokini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surildi.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA