Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BRM reytingida O‘zbekiston 166 mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi
11:42 / 2023-11-10

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash qo‘mitasi, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mamlakatimizda joriy yil birinchi marta 1 noyabrdan 30 noyabrga qadar o‘tkazilayotgan Barqaror rivojlanish oyligi doirasida o‘tkazilgan konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida mamlakatimizda onalar va bolalar o‘limlari holatlarini qisqartirish, yuqumsiz kasalliklar oqibatida erta o‘limlar oldini olish, yo‘l transport hodisalarini kamaytirish borasidagi ishlar tahlil qilindi.

Konferensiyada qayd etilganidek, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i va 2023 yilda xalqaro ekspertlar tomonidan e’lon qilingan BRM reytingida 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. Ushbu natija 2022 yilga nisbatan 8 pog‘onaga yaxshilandi. O‘tgan yili O‘zbekiston 69,9 indeks bilan 77-o‘rinda qayd etilgan edi.  

– “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish” maqsadining o‘zi 10 ta dolzarb yo‘nalishni qamrab olgan, – deydi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova. – Onalar va bolalar o‘limlari holatlarini qisqartirish maqsadida bolalar jismoniy rivojlanishida ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, bo‘yida orqada qolish ko‘rsatkichi 2 barobarga, kam vaznlilik 6,4 barobarga kamaydi. 2016 yilda 300 nafar bolalarda kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yil yakunida ushbu ko‘rsatkich 3000 nafarni tashkil etdi. Kam vazn toifasida tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilib, ularning yashab qolish darajasi 85 foizga oshdi va chala tug‘ilgan chaqaloqlarning nogironligi 2 marotabaga kamaydi. Qo‘mitamiz tomonidan ham BRMga erishish borasidagi vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashish yuzasidan parlament nazorati amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunning 7, 9, 10-moddalari ijrosi nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi va kamchiliklar tegishli mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.  

Konferensiyada aholining sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, onalar va bolalar o‘limi hamda turli kasalliklarni kamaytirishga qaratilgan choralar bo‘yicha taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA