Britaniya va Yaponiya olimlari internet orqali ma’lumot uzatish tezligi bo‘yicha yangi rekordni qayd etdi. Buyuk Britaniyadagi Aston universiteti hamda Yaponiyaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy instituti (NICT) tadqiqotchilari standart optik tolali sim orqali soniyasiga 430 terabit (Tbps) tezlikka erishdi. Bu haqda "TechRadar" xabar bergan.
Muhim jihati shundaki, ayni natijaga yangi kabel yotqizish hisobiga emas, balki dunyo bo‘ylab allaqachon foydalanilayotgan oddiy optik tolali infratuzilma orqali qo‘lga kiritildi.
430 Tbps tezlik nechog‘li yuqoriligini tushunish uchun mutaxassislar oddiy misol keltirgan. Hajmi taxminan 80 GB bo‘lgan “Battlefield-6” video o‘yinini odatiy 1 Gbps tezlikdagi uy internetida yuklab olish uchun qariyb 11 daqiqa kerak. Yangi texnologiya yordamida esa bu jarayon atigi bir millisoniyada amalga oshadi. Bu hatto inson kiprik qoqishidan ham yuz barobar tez, degani.
Yangi natija ushbu ilmiy guruhning avvalgi 402 Tbps rekordidan ham yuqori. Mavjud optik tolali simdan yanada samarali foydalanish usuli topilgani ham asosiy yutuq sifatida e’tirof etilyapti. Darvoqe, bu gal ko‘p jildli yangi kabel o‘rniga oddiy bir rejimli optik tolali simdan foydalanilgan, signal uzatish texnologiyasi esa tubdan o‘zgartirilgan.
Ta’kidlanishicha, bu loyiha standart optik tolali kabel imkoniyatidan ancha kengroq foydalanish mumkinligini isbotlaydi. Mutaxassislar ushbu yutuq 6G va 7G kabi kelajak aloqa tarmog‘i uchun muhim poydevor bo‘lishini aytmoqda. Bunday o‘ta tezkor internet sun’iy intellekt, sana markazlari, avtonom transport va yuqori aniqlikdagi raqamli xizmat uchun ham juda muhim hisoblanadi. F.Yaxshiboyeva, O‘zA