Buyuk Britaniya «COVAX AMC» doirasida rivojlanayotgan mamlakatlarga vaksina yetkazib berish maqsadida 1 milliard dollar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Mazkur mablag‘ dunyoning rivojlanayotgan 92 mamlakati uchun to‘plangan. Buyuk Britaniyaning BMTdagi doimiy vakili ushbu yangilikni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ushbu mamlakatga uch kunlik “virtual tashrifi” boshlangani munosabati bilan tarqatdi, deb xabar qiladi “TASS” axborot agentligi.
«Buyuk Britaniya rivojlanayotgan mamlakatlarni koronavirusga qarshi vaksina bilan ta’minlash hamda pandemiya tarqalishini to‘xtatishga ko‘maklashish uchun xalqaro donorlardan hozirgacha 1 milliard dollar jalb qildi», — deyiladi xabarda.
Ushbu mablag‘ “COVAX” mexanizmini qo‘shimcha moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Ushbu summa joriy yil 92 rivojlanayotgan mamlakatni 1 milliard doza vaksina bilan ta’minlashga yetadi», — deya izoh berdi doimiy vakil.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu dasturda ishtirok etayotgan mamlakatlarga vaksina 2021 yilning birinchi yarmida yetib borishi mumkin.
“COVAX AMC” (Advance Market Commitment) – bu JSST, Vaksina va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (GAVI) hamda Innovatsiya uchun koalitsiya hamkorligida ishga tushirilgan mexanizm hisoblanadi. Mazkur loyiha vaksina ishlab chiqarish quvvati yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda xarid ishlarini amalga oshiradi.
O‘zA