Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Britaniya bosh vazirligi uchun kurash davom etadi, finalda Sunak va Trass
17:47 / 2022-07-21

Ma’lumki, joriy yilning 7 iyulida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bosh vazirlik lavozimidan hamda Konservatorlar partiyasi yetakchiligidan ketishini e’lon qildi.

U 2019 yilda bosh vazir Tereza Mey o‘rnini egallagan edi. Ushbu qarorga bosh vazirning Konservativ partiyasining parlament fraksiyasi muvofiqlashtiruvchisining o‘rinbosari Kris Pincherga  tegajoqlik qilishi bilan bog‘liq voqealar sabab bo‘lgani aytilgan edi. Jonson o‘z lavozimidan ketishga qaror qilgandan keyin biror-bir nomzodni oshkora qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi.

Shundan keyin Qirollikning yangi bosh vaziri kim bo‘lishini aniqlash uchun ovoz berish jarayoni boshlanib ketdi. Hozirgacha beshta bosqich orqada qoldi. Buyuk Britaniyada saylov tartiblari o‘ziga xos, ya’ni har bosqichda eng kam ovoz olgan nomzod o‘yindan chiqib ketadi. Eng so‘nggi turdan keyin ikkita nomzod finalga chiqadi. 

Xullas, Buyuk Britaniya bosh vazirligi lavozimi uchun kechgan kurashning so‘nggi, final bosqichi boshlandi. Finalga Britaniya moliya vazirligining sobiq rahbari Rishi Sunak hamda amaldagi Tashqi ishlar vaziri Liz Trass chiqdi.

Britaniya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, o‘tgan chorshanba kuni 1922 deb nomlanadigan qo‘mita rahbari (Buyuk Britaniya jamoatchilik Palatasida  Konservatorlar partiyasidan parlament guruhi) ser Grem Bredi partiyaning ichki ovoz berish jarayonida beshinchi bosqich yakunlanganini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Buyuk Britaniyaning savdo siyosati bo‘yicha kichik vaziri Penni Mordont eng kam ovoz olib kurashdan chiqib ketdi.

Grem Bredining ta’kidlashicha, beshinchi bosqichda moliya vazirligining sobiq rahbari Rishi Sunak 137 ta ovoz olib yetakchilikni yanada mustahkamlab olgan, Liz Trassni esa 113 ta deputat qo‘llab-quvvatlagan.

Qirollikning bosh vazirligi lavozimiga bo‘lib o‘tgan avvalgi ovoz berish jarayonida ham sobiq moliya vaziri eng ko‘p ovoz olgan edi. O‘shanda Sunak nomzodi uchun 118 ta  deputat ovoz bergandi.

Rishi Sunak 42 yoshda bo‘lib, uning ota-onasi bir vaqtlar Hindistondan ko‘chib kelib,  Sharqiy Afrikada yashagan va keyinroq Buyuk Britaniyaga hijrat qilgan. 

Sunak  joriy yilning 5 iyulida Britaniya moliya vaziri bo‘ldi, so‘ngra Boris Jonson siyosatini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilib, iste’fo berdi.

Rishi Sunak juda yaxshi ma’lumot olgan, karerasini 2001 yilda bank xodimi sifatida boshlagan. 12 yildan keyin turmush o‘rtog‘i va qaynatasi bilan venchurli fondga asos solgan. 2015 yilda jamoatchilik palatasida konservatorlar nomidan Richmond okrugining deputati bo‘ldi, keyin yana uch marotaba qayta saylandi. Sunakning siyosiy karerasidagi haqiqiy parvoz 2019 yilda boshlandi. Shu yili u bosh vazir saylovida Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatladi. Boris Jonson esa uni moliya vazirligida bosh kotib qilib tayinladi. Tez orada moliya vaziri Sajida Javid iste’foga chiqqandan keyin Rishi Sunak uning o‘rnini egalladi.

Liz Trass Rishi Sunakdan 5 yosh katta. U 1975 yilda Oksfordda matematika fani professori va hamshira oilasida dunyoga kelgan. Oksford universitetining Merton-kollejini bitirgan. Bu yerda u filosofiya, siyosat va iqtisodiyot fanlarini chuqur o‘zlashtiradi. Ushbu davrlarda u Konservativlar partiyasiga a’zo bo‘ladi.

Liz Trass  Shell neft-gaz kompaniyasida va Cable & Wireless telekommunikatsiya kompaniyasida faoliyat yuritdi.  2008 yilda Reform tahliliy markaz rahbarining o‘rinbosari bo‘ldi. Ushbu markaz sog‘liqni saqlash va ta’lim, sud va pensiya tizimlari faoliyatini yaxshilash muammolarini o‘rganadi.

2006 yilda  Trass   Londonning Grinvich tumani kengashiga saylanadi. Bu yerda u o‘z qobiliyatini ko‘rsatib parlamentga istiqbolli nomzodlar ro‘yxatidan joy oladi.  2010 yilda  Trass jamoatchilik palatasiga saylanadi. Shundan buyon Liz Trass mamlakat parlamenti va hukumatida turli lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Tereza Mey bosh vazirlik qilgan davrda u ham moliya vazirligi bosh kotibi bo‘lgandi.

2021 yil 15 sentyabrda Trass xotin-qizlar ishi bo‘yicha vazir bo‘lish barobarida mamlakatning tashqi ishlar vaziri ham bo‘ldi.

Endi Sunak va Trass “finalistlar” sifatida konservatorlar saylovida ishtirok etadi. 5 sentyabrgacha Buyuk Britaniyadagi Konservativ partiyasining 200 ming atrofidagi a’zosi ularga  ovoz berishi lozim.

S.Rahimov, O‘zA