Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“BRIKS” o‘yinlaridagi medallarimiz soni 62 taga yetdi
13:00 / 2024-06-22

Bugun, 22 iyun “BRIKS” o‘yinlarining o‘n birinchi musobaqalar kuni hisoblanadi. Unda sportchilar dzyudo, belbog‘li kurash, qilichbozlik, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish, badiiy gimnastika kabi sport turlaridagi 80 ta medallar jamlanmasi uchun murosasiz bellashuvlarga kirishadi.

Kecha “BRIKS” o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari garchi bironta ham oltin medalni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, bokschilarimizning 12 nafari final yo‘llanmasiga ega chiqqani quvonchli holat bo‘ldi, deyish mumkin. 

Shuningdek, o‘zbekistonlik belbog‘li kurashchilarimiz oltita bronza va ikkita kumush medalni qo‘lga kiritganini ham alohida e’tirof etmoq lozim. Kurashchi yoshlarimizdan Doniyor Abdurahmonov va Azizjon A’zamjonov kumush, Nodir Abdumalikov, Nusrat Sultonboyev, Ilhom Mashrabov, Xislat Pirmatov, Zaylobiddin Ortiqov, Ilyos Mirzamahmatov bronza medaliga ega chiqdi. 

O‘yinlar dasturidan shaxmatning o‘rin olishi “aql jangi” ishqibozlariga bir olam zavq tortiq etdi. Shaxmatning blits musobaqalari jamoaviy yo‘nalishida Rossiya terma jamoasi 40,5 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar 35,5 ochkoli Xitoy va 32,5 ochkoga ega O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga nasib etdi.  

Shuningdek, dzyudochilarimiz kecha o‘tkazilgan musobaqalar davomida 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.  

Umumjamoa hisobida Rossiya terma jamoasi 418 ta sovrinli o‘rin holatida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarda Belarus, Xitoy jamoalari bormoqda. O‘zbekiston sportchilari "BRIKS" o‘yinlarida 4 ta oltin, 20 ta kumush va 38 ta bronza medali bilan kuchli beshlikda. 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA