Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“BRIKS” o‘yinlari iste’dodli sportchilarning yangi g‘alabalariga yo‘l ochadi
12:20 / 2024-06-17

Qozon shahrida davom etayotgan “BRIKS” o‘yinlarining ortda qolgan to‘rtinchi kuni mamlakatimiz sportchilari uchun o‘ziga xos natijalarga boy bo‘ldi.

Ayniqsa, to‘rtinchi kunning ertalabki dasturida ushu bo‘yicha vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zosi Darya Latisheva muvaffaqiyatga erishib, g‘ururimizni yuksaltirdi.  

U ushuning taolu yo‘nalishida finalga yo‘l olgan 9 nafar atlet orasida eng yuqori ballga sazovor bo‘ldi. Qozondagi sport arenada O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.

Aytish lozim, Osiyo o‘yinlari va jahon chempionati sovrindorligiga erishgan Latisheva “BRIKS” o‘yinlarining ikkinchi kungi musobaqalarida ushuning yakkalik bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.

Mamlakatimiz sportchilari uchun o‘ziga xos mahorat maydoni vazifasini o‘tayotgan Qozon bellashuvlarining to‘rtinchi kungi musobaqalarida yurtimiz vakillari shuningdek, akademik eshkak eshish bahslarida kerakli yutuqlarga erishdi.

To‘rttalik ekipajimiz marraga uchinchi bo‘lib yetib kelib, bronza medaliga ega bo‘lgan bo‘lsa, 8 talik ekipajlar o‘rtasida o‘tkazilgan final bahslarida sportchilarimiz uchinchi pog‘onadan joy oldi. Musobaqalarda vakillarimiz Rossiya, Belarus, Serbiya, Polsha sportchilari bilan raqobatlashdi.

“BRIKS” o‘yinlarining akademik eshkak eshish bellashuvlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni taqdirlash marosimida 1 ta kumush va 3 ta bronza medaliga ega chiqqan terma jamoamiz a’zolari umumiy jamg‘armaga zarur yutuqlarni qo‘shib quyish jarayonida ulkan matonat va irodasini namoyish etdi.

Bugun, 17 iyun kuni “BRIKS” o‘yinlarida sportning 4 ta turida musobaqalar tashkil etiladi. Basketbol, sport kurashlari, stol tennisida saralash bahslari uyushtirilsa, suvga sakrash dasturida 3 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyunga qadar davom etadigan “BRIKS” o‘yinlarida 90 ta mamlakatning to‘rt yarim ming atrofidagi sportchilari orasida o‘zbekistonlik 250 nafardan ziyod sportchi yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA