Shu yilning may-iyul oylarida mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mazkur jarayonga Surxondaryo viloyatida ham alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari va markaziy OAVlarning vohadagi vakillari uchun tashkil etilgan brifingda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi Abduraim Choriyev shu haqda atroflicha ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi viloyat hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan brifingda qayd etildiki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz mahalla tizimining aniq mexanizmini belgilab berdi. Shunga ko‘ra o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar taqdim etilib, vakolat ham, mas’uliyat ham quyi tizimga tushirilmoqda. Endilikda mahalla har bir oila, har bir inson muammosi, dardu tashvishlariga chuqur kirib bora oladigan xalqchil tuzilma sifatida yanada faollashadi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori mahalla yettiligi va mahalla bankiri, nuroniylar, imom xatiblar bilan hududdagi barcha ishlarni tashkil etib, yagona jamoa sifatida ishlash tartibi joriy qilindi.

Hozir viloyatdagi 724 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming 322 nafar “mahalla yettiligi” a’zolari xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatini tizimli tashkil etishda mahalla raislarining o‘rni va vazifalari belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq endilikda mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Qonunchilikda yuz bergan muhim o‘zgartirishlardan yana biri mahalla raisi saylovlarini o‘tkazish muddatlarini belgilash normasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari vakolatiga o‘tkazildi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sessiyalarida mahalla raislari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, tuman, shahar komissiyalari a’zolari va tegishli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Joriy yilning may-iyul oylarida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘ini raislari saylovini yuqori saviyada o‘tkazish uchun mahalla raislari saylovlarini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalari qoshida shtablar tashkil etildi. Ishchi guruhlarning ish samaradorligini oshirish uchun o‘n turdagi kanselyariya mahsulotlari bilan ta’minlandi. Aholining fuqarolar yig‘ini raisi saylovlariga xabardorligini oshirish, shuningdek, ularni saylovga chorlash maqsadida har bir mahallaga saylovga oid targ‘ibot materiallari, 4 xil mazmun va ikki xil rangdagi bannerlar yetkazib berildi. Elektron tablolarga turkum chaqiriqlar video roliklari joylashtirildi.
Saylov o‘tkaziladigan bino va inshootlarga nomzodlar hamda saylovga oid ma’lumotlar aks ettirilgan stendlar ham joylashtirilmoqda.
Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman (shahar)lar komissiyalari va ishchi guruh a’zolari uchun o‘quv-seminari tashkil etilib, ularning bilim hamda ko‘nikmalari oshirildi. Ishchi guruhlarning vazifalari, huquq va majburiyatlari tushuntirildi.

Ishchi guruhlar viloyatdagi tuman va shahar ko‘maklashuvchi komissiyalarining qarori bilan mahallalarda vakillar miqdorini belgiladi. Shunga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini saylovlarida 174 ming 449 nafar vakil ishtirok etishi kutilmoqda.
Viloyatda fuqarolar yig‘ini raislar saylovi joriy yilning 1 may kuni boshlanib, shu kuni tumanlar va Termiz shahrida namunaviy saylov jarayonini tashkil etishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri