Ijtimoiy tarmoqlarda “DOK-1 MAKS” fojiasini fosh qilgan tibbiyot xodimlari o‘z vazifasidan ozod etilganligi yozilmoqda. Bu qanchalik asosli?
AOKAda Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva ishtirokida o‘tkazilgan birifingda ushbu savolga oydinlik kiritildi.
Ta’kidlanishicha, Samarqand viloyatida kuzatilgan holatga aloqador bo‘lgan 7 nafar tizimning mutasaddi va tibbiyot xodimi o‘z vazifasidan olingani rost.

– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh viloyatga borib, chuqur tahliliy o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasida mazkur xodimlar tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Shu sababli bu mutasaddi xodimlar lavozimidan ozod etildi, – dedi S.Ubaydullayeva.
Ishchi guruhning tahliliy asosda o‘rganish xulosasi huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Hududiy Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga mazkur holat yuzasidan rasmiy xat juda kech kiritilgan. Shu sababli qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi. O‘rganish jarayoni davom etmoqda va bu bo‘yicha yana qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.
O‘zA