Joriy yil yurtimiz tashqi siyosati uchun samarali va faol kechdi. Ayniqsa, mintaqaviy ijobiy o‘zgarishlarga erishishda tashqi siyosatdagi izchillik, har qanday sharoitda davlat manfaatini himoya qilish strategiyasi, ochiqlik tufayli amaliy xalqaro ahamiyatga ega natijalarga erishildi.
Yaqinda Rossiya raisligida Qozon shahrida BRICSning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Anjumanda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, “BRICS plyus” formatidagi sammitning yalpi sessiyasida nutq so‘zladi.
Sammit doirasida Prezidentimiz Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog‘an va Vetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, shuningdek qator nufuzli tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. E’tiborli jihati, O‘zbekiston Prezidenti Tatariston Respublikasi davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Tadbir yakunida BRICSga a’zo davlatlar jahon muammolari bo‘yicha umumiy yondashuv aks etgan deklaratsiya qabul qilishdi.
O‘zA muxbiri mazkur sammit yakunlari va tuzilmaning jahon siyosiy maydoniga global ta’siri xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.

Sayfiddin Jo‘rayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:
– Avvalo, aytish joiz, 2006 yil iyun oyida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida tashkil etilgan BRICSning ilk yig‘ilishi o‘sha yil 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 61-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan. 2010 yil 12 noyabr kuni Seulda bo‘lib o‘tgan G20 sammitida Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shilgach, tuzilma BRICS tarzida qayta nomlandi.
Joriy yil yanvar oyida Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Efiopiya va BAA BRICSga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. A’zolar bir vaqtning o‘zida BMT, G20, JST, Qo‘shilmaslik harakati, G77 guruhi, shuningdek, qator yirik mintaqaviy birlashmalarda ham ishtirok etadi. Tashkilot doirasidagi munosabatlar BMT Nizomi, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalari, shuningdek tenglik, ochiqlik, pragmatizm, birdamlik, qo‘shilmaslik va uchinchi tomonga betaraflik tamoyili asosida olib boriladi.
Tuzilma tarkibida Ishbilarmonlar kengashi va Taraqqiyot banki faoliyat yuritadi. Hamkorlik 2025 yilgacha mo‘ljallangan Iqtisodiy sheriklik strategiyasiga asoslanadi. Ushbu hujjatning asosiy maqsadi iqtisodiy munosabatni turli formatdagi aloqalar bilan boyitish, xalqaro va mintaqaviy tashkilot, birlashma va forumlar, eng avvalo, Jahon savdo tashkilotida muvofiqlashtirish ta’minlanishini nazarda tutadi. Oliy darajadagi yillik rejali uchrashuvlar mavjud, tuzilmaga raislik yil davomida, ishtirokchi davlatlar almashinuvi tartibida amalga oshiriladi. Barcha qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi.
O‘zbekiston uchun BRICS inklyuziv hamkorlik va barqaror rivojlanish kun tartibi ilgari suriladigan platforma hisoblanadi. Qozon sammitida davlatimiz rahbari “BRICS +” formatidagi fikr va qarashlar, global rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha keng muloqot va ochiq muhokamalar, uchrashuvlar juda muhimligi, mamlakatimiz barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRICS mamlakatlari bilan yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidlab, dunyo siyosatida yuz berayotgan jarayonlarni tahlil qilib, strategik ahamiyatga ega tendensiyalarni kun tartibiga olib chiqdi.
O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRICS huzuridagi yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqsiz elektron tijorat sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish tarafdori. Shuningdek, yurtimiz sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining sohadagi ehtimoliy xavf oldini olish va boshqaruvning yagona standartini ishlab chiqishga oid hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarida ishtirok etishni mo‘ljallamoqda. Qolaversa, BMT Sanoat rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (UNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markazi hamda taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilishga tayyor.
Transport sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi trans qit’aviy yo‘laklar yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirini shakllantirish, kabotaj tashuv tizimini rivojlantirish borasida o‘zaro yaqin faoliyat olib borish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash masalalari doimo O‘zbekiston e’tibori markazida bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, xalqaro terrorizm bilan bog‘liq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalasi, hech shubhasiz, sheriklikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Radikallashuv va ekstremistik g‘oyalar, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratish lozim. Qolaversa, Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan ziddiyat bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlar nizoga tortilishi orqali global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib bormoqda. Bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlatimiz rahbari BRICS sammitida ishtirok etishi O‘zbekistonning xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish, o‘zaro manfaatli hamkorlikka yo‘naltirilgan ishonchli sherik sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Suhrob Bo‘ronov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori:
– Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Jahon siyosiy va iqtisodiy tartibotidagi o‘zgarishlar, jumladan turli mintaqalardagi qurolli ixtiloflar natijasida yuzaga kelayotgan inqrozli vaziyat bugungi xalqaro munosabatlarga nisbatan yangicha yondashuvlar ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Shunday sharoitda boshqa institutsional tuzilmalardan o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi BRICS uyushmasi o‘z kun tartibida ayni shunday yondashuvlarni ilgari surmoqda. Turli mintaqalardagi mamlakatlarni qamrab olgan mazkur tuzilma so‘nggi yillarda a’zolar va qiziquvchi davlatlar safi kengayib borishi bilan alohida xususiyat kasb etmoqda.
BRICS ko‘zlagan asosiy maqsad samarali hamkorlik qilish, ishtirokchi mamlakatlar iqtisodiy va texnologik salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlash uchun sharoit yaratishdir.
Shu o‘rinda “Sammitda O‘zbekiston ishtirok etishi qanday ahamiyatga ega?”, degan savol tug‘ilishi mumkin.
Birinchidan, mamlakatimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash: davlatimiz rahbari anjumanda ishtirok etishi rasmiy Toshkent yangi dunyo tartibotini shakllantirishga tayyorligidan dalolat.
Ikkinchidan, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish: bu sammit istiqbolda bizga mavjud iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va yangi sheriklar topishda katta yordam berishi shubhasiz.
E’tiborli jihati, kengaytirilgan yig‘ilishda yakuniy deklaratsiya qabul qilindi. Hujjatda jahondagi asosiy muammolar bo‘yicha umumiy pozitsiya ifodalangan.
– Umumiy manfaat va asosiy ustuvorlikdan kelib chiqib, BRICS mamlakatlari hamjihatligini yanada mustahkamlash, hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini yana bir bor tasdiqlaymiz, – deyilgan hujjat muqaddimasida.
Jami 43 sahifa, 134 paragrafdan iborat deklaratsiya dunyodagi vaziyatga umumiy baho beradi, uzoq muddatli istiqbol uchun hamkorlik yo‘nalishlarini belgilaydi.
Bilamizki, hozir BRICS nufuzi tobora oshmoqda. Tuzilmaga a’zo bo‘lish yoki hamkorlik taklif qilish istagidagi davlatlar soni ko‘paymoqda. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan boryapti: kelgusida a’zo mamlakatlar bilan aloqani tubdan rivojlantirish maqsadi ayon. Bu jarayonda savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport, yashil energetika, raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlikka urg‘u beriladi.

Usmonjon Bo‘tayev, “Istiqbol” tadqiqot markazi” NNT rahbari, siyosiy fanlar doktori:
– BRICS borgan sari safini kengaytirmoqda. Ekspertlar tahliliga ko‘ra, 2028 yilga borib ushbu tashkilotga a’zo davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 38 foizini qoplaydi.
Fikrimizcha, tuzilma yiriklashuvi dunyoviy taraqqiyot va farovonlikka qaratilgan. Qolaversa, uyushmani g‘arbga qarshi turish uchun kengaytirilayotgan tashkilot sifatida qabul qilish kerak emas. Sababi, dunyo ko‘p qutbli va bunda har bir davlatning milliy manfaatidan tashqari, umumiy manfaatlar mushtarakligi ham muhim.
Masalaning ikkinchi jihati ham bugungi kun uchun dolzarb: jahonda yuz berayotgan notinchlik sabab davlatlar turli shakldagi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro integratsiyani kuchaytirmoqda. Masalan, Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi rahbarlari Braziliyadagi sammitda yangi 100 milliard dollarlik Taraqqiyot banki va zaxira jamg‘armasini tashkil etgan. Fondga a’zo davlatlarning har biri teng miqdorda ulush ajratishi belgilangan. Ya’ni, a’zo davlatlar o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy farqqa qaramay, tenglik tamoyiligiga qat’iy amal qilinadi. Qolaversa, bank qarorgohi Shanxayda joylashgan, rahbari Hindistondan.
Ushbu moliyaviy tuzilma Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan sog‘lom raqobatga kirishishi rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashuvidan dalolat. Shu bilan birga BRICS doirasidagi mablag‘ aylanmasida milliy valyutalar ulushi ortayotgani geosiyosiy xavfni kamaytirishga xizmat qiladi. Zero, a’zo mamlakatlar moliyaviy mustaqilligini oshirish, bugungi ko‘p qutbli dunyoda imkon qadar iqtisodiyotni har tomonlama rivojlantirish kun tartibiga chiqmoqda.
Xulosa shuki, sammitda muhokama etilgan masalalar jahonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar bilan hamohang, desak mubolag‘a emas.

Farxod Karimov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori:
– O‘zbekiston BRICS davlatlari bilan hamkorlikni faol chuqurlashtirishni davom ettirish va uyushma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish niyatida. Hukumatimiz ustuvor sarmoyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun “Yangi taraqqiyot banki” bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Davlatimiz rahbari sammitda transport aloqalarini mustahkamlash, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini bartaraf etish va salomatlikni muhofaza qilish, shuningdek BRICS tadqiqot guruhining sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Prezidentimiz, shuningdek, o‘z nutqida xalqaro terrorizm tahdidiga qarshi turish zarurligini hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida ilgari surdi. Bundan tashqari radikallashuv va ekstremistik mafkuraning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishi muammosiga ham alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston yetakchisi Isroil – Falastin mojarosini “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirar ekan, hech qanday siyosiy maqsadlar oddiy aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasidagi begunoh qurbonlarni oqlay olmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ma’ruzada Afg‘oniston muammosi ham tilga olinib, xalqaro hamjamiyat bu hukumatni yakkalab qo‘ymaslikka, aksincha, ushbu mamlakat taraqqiyotiga yordam berishga chaqirildi.
Ta’kidlash joiz, yurtimiz uchun BRICS hamkorlikni kengaytirish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish uchun muhim platforma hisoblanadi. So‘nggi yillarda respublikamizning a’zo mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalari faol rivojlanmoqda. O‘sish sur’ati har bir davlat bilan alohida aloqalarda namoyon.
Xullas, ochiq iqtisodiyotga ega O‘zbekiston uchun BRICS davlatlari bilan hamkorlik juda muhim. Investitsiya muhitini yaxshilash, innovatsiyani import qilish va texnologik loyihalar yaratishga qaratilgan islohotlar asnosida mazkur tuzilma salohiyati mamlakatimizga belgilangan maqsadlarga erishishda yordam beradi.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi, O‘zA